Ijtimoiy tarmoqlarda “Vaqf” fondi rahbari o‘rinbosari Sardor Rahimxonga bo‘g‘ma ilon tashlangani xususida videolavhalar tarqaldi. Namangan viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, videodagi ilon turi Namangan viloyatidagi davlat hisobiga qo‘yilgan “Kosonsoy dorbozlari” nomli xususiy hayvonot bog‘iga tegishli.
Hayvonot bog‘i direktorining taʼkidlashicha, ilon video olish uchun olib ketilgan va ko‘p o‘tmay qaytarib berilgan. Ushbu ilon sunʼiy boqilishi natijasida odamlarga o‘rgatilgan, hech kimga hech qanday zarar yetkazmagan.
Maʼlumot uchun, Ekologiya vazirligi tomonidan Vazirlar Mahkamasining “Yovvoyi hayvonlarni saqlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritilgan. Bunda yovvoyi hayvonlardan sirk tomoshalarida foydalanish, jamoat joylarida olib yurish va sayr qildirish, maxsus qafassiz boshqa joylarga tashish, hayvonlardan foydalangan holda foto va videotasvirlarga tushirish, teleko‘rsatuvlarda va boshqa tadbirlarda hayvonlarni namoyish etish maqsadida olib borish yoki boshqa shaxslarga foydalanishga berish, shuningdek, sotish, sovg‘a qilishni taqiqlash ko‘zda tutilgan, deyiladi munosabatda.
Izoh (0)