O‘zbekistonda byudjet tashkilotlarida ishlovchi xodimlarga byudjet mablag‘lari hisobidan 2024-yil iyun oyining II yarmi ish haqi uchun to‘lab berilgan to‘lovlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Unga ko‘ra, G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi tomonidan byudjet tashkilotlarida ishlovchi xodimlarga byudjet mablag‘lari hisobidan 2024-yil iyun oyining II yarmi uchun jami 5 840,7 milliard so‘mlik ish haqi to‘lab berildi.
G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi va uning hududiy bo‘linmalarida byudjet tashkilotlari tomonidan ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar uchun yakuniy hisob-kitoblar bo‘yicha taqdim etilgan so‘rovnomalarga asosan to‘lab berilishi ta’minlanayotgani qayd etildi.
Joriy yil I choragida O‘zbekistondagi o‘rtacha hisoblangan nominal ish haqining eng yuqori miqdori Toshkent shahrida — 8,1 million so‘m qayd etildi. 2024-yilning yanvar–mart oylarida O‘zbekistondagi nominal hisoblangan o‘rtacha oylik ish haqi 4,9 million so‘mga yetdi (2023-yil mos davrida 4,1 million so‘m).
Hududlar kesimida eng yuqori miqdordagi o‘rtacha oylik ish haqi Toshkent shahrida qayd etilgan — 8 million 116 ming so‘m. Shu bilan birga, qolgan hududlarga nisbatan yuqori o‘rtacha oylik daromadlar Navoiy (6,5 million so‘m), Toshkent (4,7 million so‘m) hamda Andijon viloyatlarida (4,4 million so‘m) kuzatilgan. Eng kam o‘rtacha oylik ish haqi esa Surxondaryo viloyatida — 3,5 million so‘m.
Birinchi chorakda iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqining eng baland ko‘rsatkichi — bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik faoliyati sohasiga to‘g‘ri kelgan — 13,2 million so‘m.
Izoh (0)