Shavkat Mirziyoyevning Serbiyaga rasmiy tashrifi yakunlandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Belgrad shahridagi Nikola Tesla nomidagi xalqaro aeroportda oliy martabali mehmonlarni Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich va rafiqasi kuzatib qoʻydi.
Prezidentning Serbiyaga ilk rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi bosqichni boshlab berdi. Muzokaralar yakunlari boʻyicha davlat rahbarlari Strategik sheriklik munosabatlarini oʻrnatish toʻgʻrisidagi qoʻshma deklaratsiyani imzoladi. Bundan tashqari, ustuvor yoʻnalishlarda erishilgan kelishuvlarni mustahkamlagan salmoqli hujjatlar toʻplami almashildi.
Mamlakat yetakchisiga Serbiyaning oliy davlat mukofoti — Katta zanjirli Serbiya Respublikasi ordenini tantanali ravishda topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.
Shuningdek, Belgrad koʻchalaridan biriga Toshkent nomi berildi. Ishbilarmonlik dasturi doirasida ikki davlat rahbarlari qoʻshma biznes forumida ishtirok etdi.
Rasmiy tashrif yakunlangach, Oʻzbekiston prezidenti Toshkentga joʻnab ketdi. Serbiya havo hududida oliy martabali mehmonning samolyotiga ushbu mamlakat Harbiy havo kuchlarining qiruvchi uchoqlari hamrohlik qildi.








