AQSH prezidenti Donald Tramp o‘z siyosiy faoliyati yakunlanganidan keyin Amerikaning ko‘plab ommaviy axborot vositalari bankrot bo‘lishini bildirdi. Bu haqda u Oq uyda akkreditatsiyadan o‘tgan jurnalistlar uyushmasining kechki ziyofatida gapirdi.
Uning aytishicha, Amerika ommaviy axborot vositalari uning hisobidan auditoriya va daromad topmoqda.
“Omadingiz qanchalik kelganini tasavvur ham qila olmaysiz. Men ketganimdan keyin hammangiz xonavayron bo‘lasiz. Sizning biznes modelingiz tugaydi”, dedi Amerika yetakchisi.
Tramp bu gapni hazil tariqasida aytgan bo‘lsa-da, fikrini yana bir bor takrorlagan.
“Yo‘q, bu haqiqat. Men bo‘lmaganimda hammangiz bankrot bo‘lasiz, chunki kim haqida yozishni bilmay qolasiz. Boshqa odamlar bilan hech kimning ishi yo‘q”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Uning ta’kidlashicha, Amerika nashrlari va telekanallari o‘zi haqida asosan salbiy materiallar bersa ham, auditoriyani aynan Tramp haqidagi xabarlar jalb qiladi.
Prezident qariyb bir soat davom etgan nutqida faqat jurnalistlar bilan cheklanib qolmagan. U CNN boshlovchisi Keytlan Kollins, sog‘liqni saqlash vaziri kichik Robert Kennedi, siyosatchilar Kris Kristi va Jerri Nadler hamda xonanda Bryus Springstin ustidan ham turli hazillar qilgan.
Shuningdek, Tramp sahnaga “Trump 2028” yozuvi tushirilgan qizil kepkada chiqib, prezidentlikka uchinchi va hatto to‘rtinchi marta nomzod bo‘lishi mumkinligini bildirgan.
Bahorda Oq uyda akkreditatsiyadan o‘tgan muxbirlar assotsiatsiyasining qabul marosimi 25-aprel kuni Washington Hilton mehmonxonasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi. O‘shanda Tramp va vitse-prezident Jey Di Vens ham ishtirok etgan, Amerika ma’muriyatining butun rahbariyati yig‘ilgan tadbir otishma hodisasi tufayli to‘xtatib qo‘yilgandi. Natijada AQSH Maxfiy xizmati xodimlaridan biri, qo‘riqchi jarohat olgan. O‘q uzgan shaxs, 31 yoshli Koul Tomas Allen qo‘lga olingan. Allen AQSH prezidenti hayotiga suiqasd qilishga urinish, og‘ir jinoyat sodir etish maqsadida o‘qotar qurol va o‘q-dorilarni tashish, shuningdek, jinoyat sodir etishda o‘qotar quroldan foydalanish moddalari bo‘yicha ayblanmoqda.








