Daryo

Tramp boʻlgan mehmonxonada otishma: gumondor kim?

AQSH rahbari boshchiligidagi ziyofatda taxminan 2500 nafar mehmon boʻlgan. Sobiq prezident Ronald Reygan 1981-yilda aynan shu mehmonxonada hujumga uchragan.

2 daqiqa o‘qish8 963 ko‘rishlar0 izoh8

AQSH prezidenti Donald Tramp ishtirokida 25-aprel kuni boʻlib oʻtayotgan tadbirda otishma yuz berdi. Oʻt ochgan shaxs Kaliforniyada yashovchi 31 yoshli Koul Allen ekani aniqlandi. Bu haqda The New York Post xabar berdi.

Hodisa Washington Hilton mehmonxonasida Oq uy muxbirlari ishtirokidagi yillik ziyofatda yuz bergan. Nomaʼlum shaxs mehmonxonada oʻt ochganidan soʻng qoʻlga olingan. Ziyofat toʻxtatilib, Tramp, uning rafiqasi Melaniya va mehmonlar evakuatsiya qilingan. Allenning oʻt ochishi oqibatida AQSH Maxfiy xizmatining bir nafar xodimi yaralangan. Tramp uni zirhnimcha qutqarib qolganini aytmoqda.

Federal huquq-tartibot manbalariga ko‘ra, Allen Kaliforniya shtatida o‘qituvchi boʻlib ishlagan. U mehmonxonaga kirib, Tramp va taxminan 2500 mehmon yig‘ilgan zal tomon yugurganidan so‘ng qo‘lga olingan. Otishma soat 20:30 atrofida, tadbirning ichki xavfsizlik tekshiruvi hududida, mehmonlarga salat tortilayotgan paytda boshlangan. Tramp zaldan zudlik bilan olib chiqilgan, hukumat a’zolari esa stol ostiga yashiringan va keyin evakuatsiya qilingan.

“U nazorat punktiga yugurib kirganida miltiq, to‘pponcha va bir nechta pichoq bilan qurollangan edi”, dedi Kolumbiya okrugi politsiyasi boshlig‘i Jeffri Keroll.

Tramp o‘q ovozlarini eshitganini, ammo xavfdan darhol xabardor bo‘lmaganini aytdi.

“Men shovqin eshitdim va patnis tushib ketgan bo‘lsa kerak deb o‘yladim”, dedi u.

Prezident 30 kun ichida yangi Oq uy muxbirlari ishtirokidagi ziyofat tashkil qilishini maʼlum qildi. U hujum AQSH va Isroilning Eron bilan davom etayotgan urushi bilan bog‘liq emasligiga ishonishini aytdi.

“Bu meni Erondagi urushda g‘alaba qozonishdan to‘xtata olmaydi. Otishmaning unga aloqasi bor-yo‘qligini bilmayman. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, bunday deb o‘ylamayman. Men yashashni istayman, chunki bu mamlakatni buyuk qilmoqchiman. Shuning uchun ham yashashni istayman”, dedi Tramp.

Prezident qurollarning mehmonxona ichkarisiga qanday olib kirilgani haqidagi savolga javob berishdan bosh tortdi. Mehmonlar tashqi xavfsizlik perimetridan o‘tishi kerak edi, u yerda ulardan chipta yoki ziyofatoldi tadbiriga taklifnoma ko‘rsatish talab qilingan. Qurol bor-yo‘qligini tekshirish faqatgina banket zali kirishidan bevosita oldin amalga oshirilgan.

Guvohlardan birining aytishicha, Allen bar aravachalari saqlanadigan va o‘sha paytda “xavfsizlik xizmati bo‘lmagan” vaqtinchalik xonadan chiqib kelgan.

“U o‘sha xonada edi... qurolni sumkadan yoki shunga o‘xshash narsadan oldi”, dedi voqea ustida ishlayotgan ko‘ngilli guvoh Helen Mabus va qurol “uzun” ekanini hamda ”oddiy qurolga o‘xshamasligini” qo‘shimcha qildi.

Tadbir davomida 4–8 marta o‘q uzilgani aytilmoqda. AQSH G‘aznachilik kotibi Skott Bessent aynan shu mehmonxonada 1981-yilda Jon Hinkli tomonidan AQSHning 40-prezidenti Ronald Reyganga qarata o‘q uzilganini ham eslatib o‘tdi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar