Daryo

“Tramp otishma nishonlaridan biri bo‘lishi mumkin” — AQSH bosh prokurori

Washington Hilton mehmonxonasiga hujum qilgan shaxs nishon sifatida yuqori martabali amaldorlarni ko‘zlaganini aytdi. Tramp va rafiqasi otishma sabab evakuatsiya qilingandi.

2 daqiqa o‘qish4 208 ko‘rishlar0 izoh1

AQSHda 25-aprel kuni prezident Donald Tramp ishtirokidagi jurnalistlar uchun ziyofat o‘tkazilayotgan mehmonxonada otishma yuz berdi. Oqibatda mehmonlar evakuatsiya qilinib, hujum qilgan shaxs qo‘lga olindi.

Bosh prokuror Todd Blansh otishma sodir etgan shaxsning asosiy nishonlaridan biri, katta ehtimol bilan, prezident Donald Tramp bo‘lganini ta’kidladi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Hujum tafsilotlari va gumonlanuvchi

Miltiq va to‘pponcha bilan qurollangan erkak xavfsizlik xizmati xodimini yaralagan. Biroq davlatning birinchi shaxslariga yaqinlasha olmagan. Otishma uyushtirgan shaxs 31 yoshli Koul Allen hisoblanadi. U o‘z nishoni yuqori martabali amerikalik amaldorlar bo‘lganini aytgan. Ammo to‘g‘ridan to‘g‘ri Trampning ismini keltirmagan. AQSH bosh prokurori nishonlaridan biri mamlakat rahbari bo‘lganini istisno etmadi.

Voqea qanday sodir bo‘ldi?

Washington Hilton mehmonxonasida Oq uy muxbirlari assotsiatsiyaning tantanali kechki ziyofati bo‘lib o‘tayotganda otishmaga o‘xshash ovozlar yangragan. O‘q ovozlari jurnalistlar o‘tirgan zalga yaqin joydan eshitilgan va avtomatik qurol ovoziga o‘xshagan.

AQSH prezidenti va uning rafiqasi bu paytda sahnadagi stol atrofida o‘tirgan. Tramp va u bilan o‘tirgan odamlarni xavfsizlik xizmati xodimlari o‘rab olib, zaldan olib chiqib ketgan.

Shundan so‘ng Maxfiy xizmat xodimlari zalga qurollari shay holda yugurib kirgan. Ziyofatda qatnashgan BBC muxbiriga ko‘ra, agentlar “Otishma, otishma sodir bo‘ldi!” deb baqirgan. Yuqori martabali amaldorlar zudlik bilan zaldan olib chiqib ketilgan. Ular orasida Donald Trampning o‘zi, shuningdek, AQSHning birinchi xonimi Melaniya Tramp, vitse-prezident Jey Di Vens, mudofaa vaziri Pit Hegset, sog‘liqni saqlash vaziri kichik Robert Kennedi bor edi.

Mehmonlarning aksariyati birinchi o‘q ovozlari eshitilgandan so‘ng stollar ostiga yashiringan.

“Men Federal qidiruv byurosi direktori Kesh Patelning ro‘parasida o‘tirgan edim. Otishma ovozlari eshitilgach, u zudlik bilan o‘z qaylig‘ini tanasi bilan to‘sib, polga yotdi”, dedi BBC muxbiri Sumi Somaskanda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bir necha daqiqadan so‘ng Maxfiy xizmat agenti xonadagi boshqa agentlarga Patel xavfsiz ekanini va uning joylashuvi aniqlanganini bildirgan.

“Hammamiz o‘rnimizdan tura boshlaganimizda Patel telefoniga xabar yoza boshladi. Biz undan nima bo‘lganini bilasizmi, deb so‘ramoqchi bo‘ldik, lekin uni darhol olib ketishdi”, dedi Sumi Somaskanda.

Biroz vaqt o‘tgach, AQSH prezidenti Donald Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida voqeadan keyingi birinchi xabarini yozdi.

“Vashingtondagi oqshom sermazmun o‘tdi. Maxfiy xizmat va huquq-tartibot idoralari ajoyib ishlarni amalga oshirdi. Ular tez va dadil harakat qildi”, dedi u va otishma sodir etgan shaxs qo‘lga olinganini aytdi.

Tramp ijtimoiy tarmoqlarda mehmonxona yo‘laklaridan birida kuzatuv kameralari tomonidan olingan videoni ham e’lon qildi. Unda qurollangan odam yo‘lak bo‘ylab xavfsizlik xizmati xodimlari yonidan juda tez yugurib ketayotgani, shundan so‘ng qo‘riqchilar uning ortidan o‘t ochayotgani ko‘rinadi.

Keyinchalik Tramp va mamlakatning birinchi rahbarlari Washington Hilton mehmonxonasini tark etgan, ziyofat esa kamida bir oyga qoldirilgan. Keyinroq Tramp kechki ovqatni tark etishni istamaganini, biroq qurollangan shaxs yolg‘iz harakat qilganiga ishonch hosil qilmagan xavfsizlik xizmati talabi bilan shunday qilishga majbur bo‘lganini tushuntirdi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar