Daryo

Tramp jurnalistlar tomonidan sudga berildi

OAV tashkilotlari AQSH prezidentining Truth Social tarmog‘idagi postlarini oyiga 100 ming dollargacha bo‘lgan narxda oldindan sotish xizmatini noqonuniy deb hisoblab, buni to‘xtatishni talab qilmoqda.

2 daqiqa o‘qish4 174 ko‘rishlar0 izoh0

AQSH prezidenti Donald Tramp ustidan 12-avgust kuni sudga da’vo arizasi kiritildi. Ikkita media tashkilot uning Truth Social tarmog‘idagi xabarlarini pullik asosda barvaqt ko‘rish xizmatini to‘xtatishni talab qilmoqda. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Manhetten federal sudiga da’vo arizasini The Intercept va “Media erkinligi jamg‘armasi” (Freedom of the Press Foundation) topshirdi. Ular Trump Media & Technology Group kompaniyasining Truth API xizmatiga qarshi chiqmoqda.

Ushbu xizmat oylik 100 ming dollargacha to‘lov evaziga 10 ta muhim akkauntdagi xabarlarni boshqalardan oldinroq olish imkonini beradi. Ushbu akkauntlar orasida Trampning shaxsiy sahifasi ham bor.

Truth API xizmati 1-avgust kuni ishga tushirildi. Oq uy bu masalaga darhol munosabat bildirmadi. Da’vo bo‘yicha Oq uyning boshqa rasmiylari ham javobgar sifatida ko‘rsatilgan. Ammo Trump Media kompaniyasi javobgarlar ro‘yxatida yo‘q.

Tramp ko‘pdan beri Truth Social platformasidan foydalanib keladi. U yerda bojlar va Yaqin Sharqdagi nizolar haqida xabarlar beriladi. Bunday yangiliklar aksiyalar, neft va boshqa bozorlardagi narxlarni o‘zgartirib yuboradi.

OAV tomonidan topshirilgan da’voning maqsadi — pullik xizmat mavjud bo‘lgan davrda Oq uyning rasmiy e’lonlarini faqat Truth Social platformasiga joylashni taqiqlashdir. Da’vogarlar xizmatni o‘ta korrupsiyalashgan deb baholadi. Chunki obunachilar ko‘paygan sari prezident moliyaviy foyda ko‘radi.

Shuningdek, ular ushbu xizmat AQSH Konstitutsiyasining Birinchi tuzatishini buzayotganini ta’kidladi. Ularning fikricha, har bir odam Trampning e’lonlarini teng ko‘rish huquqiga ega. Prezidentning xabarlarini xususiy obunachilarga sotish va bundan daromad olishda davlatning hech qanday qonuniy manfaati yo‘q.

Arizaga ko‘ra, Trampning ikkinchi prezidentlik muddatida Truth Social tarmog‘ida qoldirgan 9000 dan 11 000 gacha bo‘lgan xabarlarining ko‘pi bo‘yicha keyinchalik Oq uyning rasmiy bayonoti berilmagan.

Tramp — eng yirik aksiyador

Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, Trump Media kompaniyasining eng yirik aksiyadori hisoblanadi. U o‘zining Donald J. Trump Revocable Trust fondi orqali 41,3 foizlik ulushga ega. Bu ulush taxminan 950 million dollarga teng.

Uning katta o‘g‘li kichik Donald Tramp kompaniya direktorlaridan biri bo‘lib, ushbu fondni nazorat qiladi. Truth API xizmati orqali taklif qilinayotgan boshqa akkauntlar orasida vitse-prezident Jey Di Vens, Sog‘liqni saqlash vaziri kichik Robert Kennedi, FQB direktori Kesh Patel va Oq uyning rasmiy sahifasi ham bor.

Avvalroq Tramp AQSH o‘q-dorilari haqida ma’lumot tarqatganlarga qamoq bilan tahdid qilgani haqida xabar berilgandi. Oq uy rahbari Eron bilan urush fonida harbiy qurollar zaxirasi katta ekanini aytib, OAVda tarqalgan o‘q-dorilar tanqisligi haqidagi xabarlarni rad etgan.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar