Malida isyonchilar 4-iyul kuni ertalab beshta hududda hujumlar uyushtirdi. Hujumga uchragan joylar orasida hukumat va Rossiya harbiylari joylashgan shaharcha ham bor. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Mali armiyasining davlat televideniyesi va rasmiy ijtimoiy tarmoqlarida e’lon qilgan bayonotiga ko‘ra, mamlakat shimolidagi Anefis va Aguelhok, markaziy qismidagi Gao va Sevare hamda janubdagi Kenioroba shahar va shaharchalari nishonga olingan. Armiya hozirda vaziyat nazorat qilinayotganini bildirdi.
Tuareglar yetakchiligidagi “Azavad ozodlik fronti” (FLA) isyonchi guruhi vakili ushbu hujumlarga aloqadorligini ma’lum qildi. Guruh aprel oyida poytaxt Bamakodagi aeroportga hujum qilib, mudofaa vazirini o‘ldirgandi. O‘shanda ular “Al-Qoida”ning mintaqaviy bo‘limi bo‘lgan JNIM guruhi bilan hamkorlikda harakat qilgandi. Hozirgi hujumlar uchun JNIM guruhi javobgarlikni bo‘yniga olgani yo‘q.
Raketa zarbalari va portlashlar
FLA vakili Muhammad Elmaouloud Ramadanning so‘zlariga ko‘ra, guruh jangchilari mamlakat shimoli-sharqidagi Kidal viloyatida joylashgan Anefis shaharchasiga kirgan. Aprel oyidagi hujumlardan keyin bu yerga hukumat va Rossiya qo‘shinlari joylashtirilgan edi. Undan oldin esa ular strategik jihatdan muhim bo‘lgan Kidal shaharchasidan siqib chiqarilgandi.
Gao shahridagi mahalliy amaldorning aytishicha, tong otguncha harbiy lagerga qaratilgan otishmalar va raketa hujumlari davom etgan. Biroq buni aynan kim sodir etgani hozircha aniq emas. Sevare shahrida esa mahalliy vaqt bilan soat 08:00 atrofida otishmalardan so‘ng, shaharning g‘arbiy qismida to‘rtta kuchli portlash yuz bergan. Shundan keyin vaziyat tinchigani aytilmoqda.
Yana bir hujum nuqtasi — Kenioroba shahrida Malidagi siyosiy muxolifat vakillari saqlanadigan qamoqxona joylashgan. Hujum aynan ushbu muassasaga qaratilgani yoki yo‘qligi hali ma’lum emas. Hukumat vakili ushbu holat bo‘yicha izoh bermadi.
Vada qilingan xavfsizlik ta’minlanmadi
Bu hujumlar Malidagi harbiy rahbarlarning xavfsizlikni yaxshilash borasidagi va’dalari amalga oshmaganini ko‘rsatmoqda. Mamlakat harbiylari 2020 va 2021-yillardagi davlat to‘ntarishlari orqali hokimiyatni qo‘lga kiritgandi. So‘nggi vaqtlarda Mali hukumati xavfsizlik sohasida hamkorlikni tiklash va tog‘-kon imkoniyatlarini o‘rganish maqsadida Vashington bilan yaqin aloqalar o‘rnatishga harakat qilmoqda.
Hukumatni qo‘llab-quvvatlayotgan Rossiyaning “Afrika korpusi” kuchlari aprel oyidagi hujumlardan keyin Maliga yordam berishga va’da bergandi. Jihodchilarning zo‘ravonliklari qo‘shni Burkina Faso va Niger davlatlarida ham sodir bo‘lmoqda. Bu davlatlar ham Mali kabi xavfsizlik masalasida Rossiyadan yordam so‘ragan. Iyun oyida JNIM guruhi Niger poytaxtidagi aeroport va harbiy aviabazaga qilingan hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgandi. Bu mazkur obyektga 2026-yildagi ikkinchi hujum bo‘ldi.








