Niger shimolidagi Sahroi Kabir cho‘lida kamida 49 kishi chanqoqlikdan halok bo‘ldi. Ular ketayotgan yuk mashinasi eng yaqin aholi manzilgohi va suv manbasidan o‘nlab kilometr uzoqlikda buzilib qolgan.
Ma’lum qilinishicha, ushbu odamlar Malidan Qurbon hayiti bayramidan qaytayotgan bo‘lgan.
Ular Telxandek manzilgohidan yo‘lga chiqqan, biroq Nigerning Agadez viloyati gubernatori bayonotida aytilishicha, yo‘ldan adashib, Niger va Jazoir chegarasidagi Assamaka vohasidan 80 km uzoqlikda, atrofi o‘nlab kilometrga cho‘zilgan hududda birorta ham aholi punkti bo‘lmagan joyda qolib ketishgan.
Haydovchi va yo‘lovchilar yuk mashinasini tuzatishga harakat qilishgan. Ammo so‘zlashning uddasidan chiqa olishmagan.
Shunday bo‘lsa-da, ikki nafar erkak suvga yetib olish uchun 50 kilometrdan ortiq yo‘l bosib, so‘ngra Assamaka shahri tomon yo‘lni davom ettirib, omon qolgan. U yerda ular shahar ma’muriyatiga buzilgan yuk mashinasi va Sahroi Kabir cho‘lida qolib ketgan o‘nlab odamlar haqida xabar bergan. Shundan so‘ng Agadez viloyati gubernatori, general Ibroh Bulama Issa buyrug‘i bilan voqea joyiga tezkor harakat otryadi yuborilgan.
“Suvsiz qolib, mashinani ta’mirlay olmagan aksariyat odamlar tirik qololmagan. Harakatsiz yuk mashinasi ostida va uning atrofida o‘nlab jonsiz tanalar topildi”, deyiladi gubernator bayonotida.
Qutqaruvchilar ularni umumiy qabrga dafn etgan. Halok bo‘lganlarning barchasi Niger fuqarolari bo‘lgan.
“Biz uzoq yillardan beri ushbu holatga qarshi kurashib kelamiz. Biz haydovchilarga, sayohatchilarga, immigratsiya bilan bog‘liq barcha shaxslarga sahroni kesib o‘tish qanday xavf-xatarlarga boy ekanini tushuntiramiz”, deydi mahalliy jamoat tashkilotlaridan birining rahbari Shehuo Azizu.
Ta’kidlanishicha, qutqaruvchilar odamlar halok bo‘lgan joydan qaytayotganida, yana bir buzilgan yuk mashinasiga duch kelgan. Unda Malidan 60 dan ortiq odam ketayotgan bo‘lib, ular uch kundan beri sahroda qolib ketgan.
Gubernatorning qo‘shimcha bayonotida ma’lum qilinishicha, qutqaruvchilar ularga suv berib, yuk mashinasini ta’mirlashda yordam ko‘rsatgan.
Niger shimolda Jazoir va Livan bilan chegaradosh bo‘lib, G‘arbiy Afrikadan O‘rta Yer dengiziga va u yerdan Yevropaga yo‘l olgan muhojirlarning asosiy qismi mamlakatning aynan shu sahroli shimoliy qismidan o‘tadi.








