Daryo

Tramp ma’muriyati Malida harbiy operatsiya o‘tkazishni ko‘rib chiqmoqda

Agar Oq uy bu rejani ma’qullasa, Mali AQSH prezidentining ikkinchi muddatida Amerika harbiylari hujum uyushtirgan sakkizinchi davlatga aylanadi.

2 daqiqa o‘qish3 478 ko‘rishlar0 izoh2

AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Malida harbiy operatsiya o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Operatsiya “Al-Qoida” bilan bog‘liq bo‘lgan JNIM guruhiga qarshi qaratiladi. Bu haqda The Washington Post nashri o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.

Gazetaning yozishicha, AQSHning yuqori martabali rasmiylari orasida ushbu guruhga zarba berish bo‘yicha yagona to‘xtamga kelinmagan. Oq uy matbuot kotibi Tramp Maliga zarba berishni rejalashtirayotgani yoki yo‘qligi haqida aniq ma’lumot berishdan bosh tortdi.

Ammo u Qo‘shma Shtatlar Shimoliy va G‘arbiy Afrika mamlakatlarini aksilterrorizm sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun Amerika texnikasi va xizmatlarini sotib olishga chaqirayotganini qo‘shimcha qildi. Shuningdek, Oq uy mintaqaviy hamkorlar hamda NATO bo‘yicha ittifoqchilarni JNIM va ISHIDga qarshi urushda Sahal alyansi (Mali, Burkina Faso va Niger)ga yordam berishga chaqirmoqda.

So‘nggi yillarda Mali, Burkina Faso va Nigerda harbiylar davlat to‘ntarishlarini amalga oshirdi. Ular demokratik hukumatlarni ag‘dardi. Oqibatda bu mamlakatlar G‘arb bilan aloqalarni uzib, xavfsizlik masalasida Rossiyaga yuzlandi. Oq uy manbasining nashrga bildirishicha, Moskva “Mali uchun xavfsizlik bo‘yicha samarasiz hamkor ekanini ko‘rsatdi”.

“Boshqa Afrika mamlakatlari Rossiyaning terrorizmga qarshi kurashdagi omadsiz tajribasidan xulosa chiqaradi degan umiddamiz”, dedi manba.

Agar AQSH hukumati operatsiyani amalga oshirishga qaror qilsa, Mali Tramp ikkinchi muddatga saylangandan beri havo zarbalari berishga buyruq bergan sakkizinchi davlatga aylanadi. Bunga qadar Yaman, Somali, Suriya, Eron, Iroq, Nigeriya va Venesuelaga zarbalar berilgan edi.

Malidagi vaziyat

Malini 2021-yilgi davlat to‘ntarishi natijasida hokimiyatga kelgan harbiy xunta boshqarmoqda. Tuareg isyonchilari ko‘p yillardan beri mamlakat shimolida o‘z davlatini tuzishga urinib kelmoqda. “Al-Qoida” va ISHID bilan bog‘liq guruhlar esa o‘n yildan ortiq vaqtdan beri hukumat kuchlariga qarshi qurolli kurash olib bormoqda.

2024-yildan beri Malida Rossiya Mudofaa vazirligining “Afrika korpusi” faoliyat yuritmoqda. U ushbu hududda “Vagner” tuzilmalari o‘rnini egalladi va rasmiy harbiy hokimiyat tomonida turib jang qilmoqda. 9-iyun kuni mahalliy askarlar va “Afrika korpusi” harbiy tuzilmasi jangchilarini olib ketayotgan karvonga hujum qilingani haqida xabar berilgandi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar