Mali armiyasi 25-aprel kuni qurolli guruhlar mamlakat bo‘ylab, jumladan, poytaxt Bamakoda muvofiqlashtirilgan hujumlar boshlaganini ma’lum qildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Guvohlarning xabar berishicha, Bamako yaqinidagi asosiy harbiy baza atrofida mahalliy vaqt bilan 06:00 atrofida ikkita kuchli portlash va tinimsiz otishma ovozlari eshitilgan. Hududdagi yo‘llarni to‘sish uchun harbiylar safarbar etilgan.
Xuddi shunday tartibsizliklar mamlakat markazidagi Sevare shaharchasida, shuningdek, shimoldagi Kidal shaharchasi va Gao shahrida ham kuzatilgan.
“Hamma joyda otishma ovozi eshitilmoqda”, deydi sevarelik guvohlardan biri.
Hozirda Mali hukumati “Al-Qoida” va ISHIDning G‘arbiy Afrikadagi bo‘linmalariga qarshi kurashmoqda. Shuningdek, mamlakat shimolida tuareglar boshchiligidagi uzoq yillik isyonlar ham davom etmoqda.
Mali armiyasi bayonotida “terrorchi” guruhlar poytaxt va boshqa hududlardagi bir nechta pozitsiyalarga hujum qilgani aytiladi. Biroq aniq manzillar keltirilmadi. Armiya janglar davom etayotganini bildirib, aholini xotirjamlikka chaqirdi.
Tuareglardan iborat isyonchilar ittifoqi — “Azavad ozodlik fronti” matbuot kotibi Muhammad al-Maulud Ramadon ijtimoiy tarmoqlarda o‘z kuchlari Kidal va Gaodagi ko‘plab pozitsiyalarni nazorat ostiga olganini ma’lum qildi.
Xavfsizlik xizmatidagi to‘rtta manbaga ko‘ra, shanba kungi hujumlarda “Al-Qoida”ning mintaqaviy bo‘linmasi — “Jamoat Nusrat al-Islom val-Muslimin” (JNIM) ham ishtirok etgan. Hozircha JNIM yoki “Sohil provinsiyasidagi ISHID” (ISSP) hujumlar uchun javobgarlikni rasman zimmasiga olgani yo‘q.
Aeroport yaqinidagi otishmalar
Mahalliy aholi vakilining aytishicha, Bamako aeroporti yaqinidagi harbiy lager atrofida ham otishmalar eshitilgan. Ushbu lagerda rossiyalik yollanma jangchilar joylashgan.
“Harbiy lager tomondan otishma ovozlarini eshitdik. Bu aeroportning o‘zi emas, balki aeroport xavfsizligini ta’minlovchi lagerdir”, deydi xavfsizlik nuqtayi nazaridan ismini oshkor qilmagan fuqaro.
Mali hozirda general Assimi Goita boshchiligidagi harbiy xunta tomonidan boshqarilmoqda. U 2020-yilgi davlat to‘ntarishidan so‘ng xavfsizlikni tiklash va qurolli guruhlarni siqib chiqarishni va’da qilib, hokimiyatni qo‘lga olgan.
Goita dastlab G‘arb davlatlari bilan mudofaa sohasidagi hamkorlikni rad etib, xavfsizlik masalasida rossiyalik yollanma jangchilarga tayanib keldi. So‘nggi paytlarda Mali AQSH bilan aloqalarni yaqinlashtirishga harakat qilmoqda.
Mart oyida Mali va AQSH o‘zaro kelishuvga erishishga yaqinlashgan. Kelishuvga ko‘ra, Vashington jihodchi guruhlar haqida ma’lumot to‘plash uchun Mali osmonida yana samolyot va dronlar uchirishi mumkin bo‘ladi.
ISHID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.








