Malidagi Tuareg isyonchilari Rossiya Mudofaa vazirligining “Afrika korpusi”ga tegishli vertolyotni urib tushirganini ma’lum qildi. Voqea videoga olingan bo‘lib, uning haqiqiyligini OSINT tahlilchisi (OSINTWarfare) tasdiqladi.
Vertolyot ekipajining taqdiri hozircha aniq emas. Biroq Malidagi mojaroni yoritib kelayotgan turkiyalik jurnalist Mahmud Bozaslanning xabar berishicha, bortda bo‘lgan barcha odamlar halok bo‘lgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi vertolyot yo‘qotilgani haqida hech qanday izoh bermadi. Ammo vazirlikka norasmiy ravishda bog‘langan va harbiylarni qo‘llab-quvvatlovchi “Afrikar” Telegram kanali halokat yuz bergani haqida xabar tarqatdi.
Malida isyonchilar bir vaqtning o‘zida beshta hududga hujum qildi
Malida isyonchilar 4-iyul kuni ertalab beshta hududda hujumlar uyushtirgan. Hujumga uchragan joylar orasida hukumat va Rossiya harbiylari joylashgan shaharcha ham bor. Mali armiyasining davlat televideniyesi va rasmiy ijtimoiy tarmoqlarida e’lon qilgan bayonotiga ko‘ra, mamlakat shimolidagi Anefis va Aguelhok, markaziy qismidagi Gao va Sevare hamda janubdagi Kenioroba shahar va shaharchalari nishonga olingan.
Tuareglar yetakchiligidagi “Azavad ozodlik fronti” (FLA) isyonchi guruhi vakili ushbu hujumlarga aloqadorligini ma’lum qildi. Guruh aprel oyida poytaxt Bamakodagi aeroportga hujum qilib, mudofaa vazirini o‘ldirgandi. O‘shanda ular “Al-Qoida”ning mintaqaviy bo‘limi bo‘lgan JNIM guruhi bilan hamkorlikda harakat qilgan. Hozirgi hujumlar uchun JNIM guruhi javobgarlikni bo‘yniga olgani yo‘q.








