Daryo

“Al-Qoida o‘z davlatiga ega bo‘lishi mumkin”. Qamaldan sillasi quriyotgan Mali poytaxtida nima gaplar?

G‘arbiy Sahroi Kabirning resurslarga boy Mali hukumatini avvaliga fransuzlar, so‘ng ruslar ko‘magiga qaramay, qutqarib bo‘lmayapti. JNIM nomi bilan mashhur guruh sentyabr oyidan beri poytaxt Bomakoni “yonilg‘i blokadasi”da ushlab turibdi. O‘z zaxiralarini deyarli ishlatib bo‘lgan hukumat esa chorasiz qolmoqda. Agar vaziyat o‘zgarmasa, qariyb 25 million aholiga ega mamlakat terrorchilar qo‘liga o‘tishi mumkin.

6 daqiqa o‘qish3 318 ko‘rishlar0 izoh6

“Al-Qoida” terrorchilik harakati butun dunyo bo‘ylab o‘z tarmoqlariga ega. Uning Sahroi Kabirdagi faoliyati 20 yildan buyon beqarorlik, qon to‘kilishi hamda xunrezliklarning boshqa ko‘rinishlariga olib kelmoqda. Ammo so‘nggi vaqtlarda tashkilot o‘zining mintaqadagi pozitsiyasini sezilarli darajada mustahkamladi. Hatto ular 25 million aholiga ega yirik mamlakatda hokimiyatni egallashi xavfi bor.

Mali G‘arbiy Afrikaning ulkan iqtisodiy potensialga ega, biroq beqarorlik girdobidagi mamlakati. U markazlashgan hokimiyatning yo‘qligi, boshqacha aytganda, zaif davlatchilikdan aziyat chekadi. Malida barqarorlikka asosiy tahdid, asosan, shimolda yashovchi ko‘chmanchi qabilalar, xususan, tuareglardan keladi. Ular turli qurolli harakatlarga birlashib, ta’sir doiralari uchun jang olib boradi.

Tuareg jangarilari
Foto: Al Jazeera

Mana shunday guruhlardan biri JNIM bo‘lib, 2017-yili uchta fundamentalist to‘daning birlashuvidan tashkil topgan. Uning rahbari Iyad Ag Gali murakkab o‘tmishga ega. E’tiborlisi, qo‘mondon bir vaqtlar Malining Saudiya Arabistonidagi diplomatik vakolatxonasida ishlagan. Guvohlarning aytishicha, o‘sha vaqtlari u spirtli ichimliklarga berilib, turli ziyofatlarda qatnashgan. Biroq keyinchalik o‘z qarashlarini o‘zgartirib, fundamentalist mafkuralar ta’siriga tushgan. Shundan so‘ng uni vataniga chaqirib olishgan. Biroq Iyad Ag Gali yurtiga qaytgach, “Ansor ad-Din” nomli guruh tuzib, hukumatga qarshi qurolli hujumlarni boshlagan.

Mali rasmiylari barqarorlikni ta’minlash uchun sobiq mustamlakachidan madad so‘ragan. Fransuz kontingentining yordami bilan isyonchilar yirik shaharlardan quvib chiqarilgan. Biroq ularni butunlay yo‘q qilishning imkoni bo‘lmagan. Bundan norozi bo‘lgan mahalliy harbiylar 2020-yili birinchi marta, 2021-yil ikkinchi bor davlat to‘ntarishi uyushtirib, hokimiyatni qo‘lga olishdi. Xunta rahbarlaridan biri Assimi Goita fransuzlardan mamlakatni tark etishni so‘radi. Shunday qilib, 2022-yili Fransiya qurolli kuchlarining qariyb 10 yil davom etgan jangovar amaliyotlariga nuqta qo‘yildi. Ammo Mali harbiylari muxoliflariga qarshi bir o‘zi turib bera olmasdi.

Afrika qit’asini tark etayotgan Fransiya harbiy kontingenti
Foto: Arise News

Fransiya kontingenti chiqib ketishi ortidan hosil bo‘lgan bo‘shliqni Rossiyaning “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi to‘ldirdi. Kreml Prigojin qo‘li bilan o‘zining mamlakatdagi ta’sirini oshirishga kirishdi. Uning o‘limidan so‘ng tashkilot rebrending o‘tkazib, Rossiya qurolli kuchlarining Afrika korpusi nomini oldi. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, Kreml o‘zini o‘tish davri prezidenti deb e’lon qilgan Assimi Goitani qo‘llab-quvvatlash uchun 2500 nafar harbiy xizmatchi yuborgan. Ular Mali armiyasi va boshqa ittifoqchi to‘dalar bilan birgalikda islomchi guruhlarga qarshi jangovar amaliyotlar bajarib kelmoqda.

Biroq xalqaro tashkilotlar va mustaqil kuzatuvchilar “Vagner”, shuningdek, Mali hukumatini tinch aholiga nisbatan urush jinoyatlarida ayblab keladi. Jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobotiga ko‘ra, 2022-yili “Vagner” jangarilari Moura qishlog‘ida qirg‘in sodir etib, bir necha kun davomida 500 nafardan ortiq inson, xususan, tinch aholini sudsiz qatl qilgan. Bundan tashqari, qiynoqlar va jinsiy zo‘ravonlik holatlari ham qayd etilgan. Shunga qaramay, Mali hukumati ruslarning yordami bilan ham tartibni saqlay olmadi.

“Vagner” jangarilari Malida
Foto: The Intercept

“O‘yin markazidagi guruh”

JNIM yoki “Jama’at Nasr al-Islom val Muslimin” nafaqat Mali, balki Niger va Burkina Faso davlatlarida ham faoliyat ko‘rsatadi. Guruh yetakchisi 2017-yildayoq “Al-Qoida”ning o‘sha vaqtlardagi rahbari Ayman az-Zavohiriyga bay’at berib, sadoqat izhor qilgan. O‘shandan buyon JNIM mazkur terrorchi tashkilotning G‘arbiy Afrikadagi tarmog‘i sifatida ko‘riladi.

Mali hukumati hamda “Vagner”ning JNIMga qarshi harakatlari samara bermaganiga bir qancha sabab bor. Birinchidan, guruh konsentratsiyadan qochib, o‘z kuchlarini turli hududlarga taqsimlagan. Qolaversa, mototsikllar hamda pikaplarda harakatlangani bois yuqori harakatchanlikka ega. Qisqacha aytganda, Iyad Ag Galining jangarilari partizanlik maktabiga xos kurash olib boradi. Qolaversa, rossiyaliklar tomonidan sodir etilgan urush jinoyatlari mahalliy aholi orasida nafratni kuchaytirib, JNIMga nisbatan qo‘llovni oshirgan.

Ba’zi manbalarga ko‘ra, guruh o‘zini kontrabanda va mahalliy aholidan yig‘iladigan soliqlar orqali moliyalashtiradi. Qolaversa, insonlarni garovga olish orqali tovon talab qilingan holatlar ham bor. Masalan, Birlashgan Arab Amirliklari JNIM tomonidan garovga olingan ikki nafar fuqarosi hamda yana noma’lum sondagi xorijliklarni ozod qilishga muvaffaq bo‘lgan. Biroq Abu Dabi bu uchun JNIMga 50 million dollar to‘lab, kamiga terrorchilarni qurol-yarog‘ bilan ta’minlash majburiyatini olgan.

JNIM rahbari Iyad Al Gali
Foto: I‘Opinion

Poytaxt qamali

2025-yilning sentyabr oyida guruh keskin, biroq kutilmagan qadam tashlab butun mamlakatni og‘ir ahvolga solib qo‘ydi. Gap shundaki, Mali okeanga chiqish imkoniyatidan mahrum davlat. Shu bois o‘z ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan yonilg‘i mahsulotlarini qo‘shnilaridan import qiladi. Biroq JNIM ta’minot karvonlariga hujum qilib, mamlakat poytaxtini “yonilg‘i blokadasi”ga oldi. Qamal natijasida 3 milliondan ortiq aholi yashovchi shaharda vaziyat keskinlashdi.

Shunday qilib, 3-sentyabrdan buyon Maliga yonilg‘ining barcha turlarini import qilish de-facto taqiqlandi. JNIM hatto Diarra transport nomli yirik logistika kompaniyasiga ham tahdid qilib, ularning tankerlari mamlakat ko‘chalarida ko‘rinadigan bo‘lsa, yo‘q qilinishidan ogohlantirdi. Keyinchalik kompaniyaga mamlakat bo‘ylab yo‘lovchilarni tashishga ruxsat berildi. Biroq JNIM Diarra kompaniyasi oldiga qator talablar qo‘ygan. Avtotransport vositalarida har ikki jins vakillarining alohida o‘tirishi, ayol yo‘lovchilar yuzlarini niqob bilan to‘sishi hamda baxtsiz hodisalar uchun tovon to‘lash kabilar shular jumlasidan. Ammo bu safar Diarra transport hukumat bosimiga uchradi. Rasmiylar kompaniyani terrorchilar bilan hamkorlikda ayblab, o‘z faoliyatini to‘xtatishni buyurdi.

Qamal natijasida benzin va dizel uchun uzun navbatlar vujudga keldi. Elektr ta’minoti esa grafik asosida cheklandi. Biroq hukumat mamlakatning strategik rezervlarni ishga solib, ikki oydan ortiq poytaxt infratuzilmasini qulashdan saqlab keldi. Ammo vaqt o‘tgani sayin zaxiralarning tagi ko‘rina boshladi. Mali poytaxtini to‘liq shutdown kutayotgan bo‘lishi mumkin. Bu nafaqat transport infratuzilmasini izdan chiqaradi, balki bir necha million aholiga ega shaharni elektrsiz qoldirib, katta tartibsizliklarga olib kelishi mumkin.

JNIM tomonidan yo‘q qilingan yonilg‘i tankerlari
Foto: Mahalliy manbalar

Favqulodda choralar

Mali yonilg‘ini mamlakat g‘arbidagi bir necha o‘tkazish punktidan import qiladi. Shundan so‘ng benzin va dizel ortilgan tankerlar avvaldan ma’lum yo‘nalishlar orqali yirik shaharlar tomon harakatlanadi. Biroq yo‘lda ularni pistirmalar hamda mototsikllarda harakatlanadigan jangarilar qarshi oladi. Tankerlar karvoni harbiylar tomonidan muhofazaga olingan taqdirda ham, yuqori yonuvchi xususiyatga ega mahsulot ortilgan bahaybat mashinalarni yo‘q qilish uncha qiyinchilik tug‘dirmaydi.

Biroq Mali hukumati kuchlarni konsentratsiya qilish orqali vaziyatni qisman yengillashtirdi. Gap shundaki, oktyabr boshida 300 dan ortiq, noyabr oxirida esa yana 80 ta yuk mashinasi Nigerdan poytaxt Bomakoga kirib kelgan. Bunday sondagi tankerlarni bir vaqtda jalb qilish orqali armiya yirik talafotlarning oldini olib, mustahkamroq himoya taqdim qildi. Ammo bu cheklangan resurs bo‘lib, kutilayotgan xaosni ortga surishi mumkin, biroq muammoni butunlay bartaraf eta olmaydi.

JNIM blokadasi sabab Mali poytaxtida kuchli taqchillik yuzaga keldi
Foto: Al Jazeera

“Al-Qoida” davlatni egallaydimi?

JNIM qariyb 25 million aholiga ega mamlakat poytaxtini qamal qilib, kuchli bosim o‘tkazmoqda. Bu Malida ham Afg‘oniston va Suriya ssenariysi qaytarilishi mumkinligi haqida turli farazlarni urchitgan. Biroq G‘arbiy Afrika davlati bilan bu yuz berishi ehtimoldan uzoq. Boisi JNIM jangarilarining soni taxminan 6 000 kishi bilan cheklangan. Qolaversa, guruh kuchlari mintaqa bo‘ylab tarqalgan. Mali qurolli kuchlari esa 20 mingdan 40 mingga qadar o‘qitilgan harbiy xizmatchilarga ega. Ularda yengil hujum samolyotlari, vertolyotlar hamda Bayraktar dronlari bor. Quruqlikda esa poytaxtni T-55 va T-64 tanklari himoya qiladi.

Ammo yonilg‘isiz havo kemalari yerdan uzilmaydi. Zirhli texnikalar esa turgan joyidan qimirlamaydi. Agar elektr ta’minoti ham butunlay uzilsa, bu qurolli kuchlar boshqaruvini izdan chiqarishi mumkin. Qolaversa, hukumat aholi ularni qo‘llashidan umid qilmasa ham bo‘laveradi. Davlat to‘ntarishi bilan hokimiyatga kelgan harbiylar xalqni o‘zlarining birlamchi va’dasi — xavfsizlikni ta’minlay olmadi. Buning o‘rniga siyosiy partiyalar, mustaqil matbuotni taqiqlab, keskin noroziliklar keltirib chiqarishdi.

Mali armiyasiga tegishli harbiy texnikalar
Foto: Army recognition

Bundan tashqari, Mali xalqi orasida JNIMning dinga nisbatan munosabatini ma’qullaydiganlar ham bor. Agar uzoq kutilgan chaqnash yuz berib, vaziyat nazoratdan chiqsa, Assimi Goitaning o‘rnini Iyad Ag Gali egallashi hech gap emas. Voqealarning bunday rivoji qanday oqibatlarga olib kelishi noma’lum. Ammo mintaqa davlatlaridan hech biri “Al-Qoida” terror tashkilotining filiali hokimiyatga kelishini istamaydi.

Humoyun Tojiddinov tayyorladi.

Andijonlikman, Toshkentda yashayman. Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tamomlaganman. “Daryo” tahririyatida 2024-yil noyabr oyidan buyon muxbir sifatida ishlayman va siyosiy, ijtimoiy hamda harbiy yoʻnalishlarga ixtisoslashgan materiallar tayyorlayman. “If qaʼlasining mahbusi” filmini miriqib tomosha qilaman. Lev Tolstoyning asarlarini, ayniqsa, “Urush va tinchlik”ni yoqtiraman.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar