Daryo

O‘zbekiston va Gruziya endi strategik sherik bo‘ldi

Shavkat Mirziyoyev va Gruziya bosh vaziri tegishli deklaratsiyani imzoladi. Mehnat migratsiyasi, sog‘liqni saqlash, bojxona, ekologiya, turizm va boshqa sohalarda hamkorlik bo‘yicha ikki tomonlama hujjatlar almashildi.

2 daqiqa o‘qish3 901 ko‘rishlar0 izoh1

Oʻzbekiston va Gruziya munosabatlari strategik sheriklik darajasiga koʻtarildi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, 3-iyul kuni bo‘lib oʻtgan muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidze Strategik sheriklik munosabatlarini oʻrnatish toʻgʻrisidagi deklaratsiyani imzoladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shuningdek, delegatsiyalar rahbarlari huzurida qator ikki tomonlama hujjatlar almashildi. Jumladan:

  • bojxona ishlarida hamkorlik va oʻzaro maʼmuriy yordam toʻgʻrisida bitim;
  • axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va raqamlashtirish sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida bitim;
  • kasbiy va oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida bitim;
  • Oʻzbekiston hukumati va Gruziya Hukumati oʻrtasida 2026-2027-yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturi;
  • Oʻzbekiston Madaniyat vazirligi va Gruziya Madaniyat vazirligi oʻrtasida 2027-2030-yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturi;
  • Oʻzbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi va Gruziya Moliya vazirligi oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi;
  • “E-Permit” ruxsatnomalar almashinuvi axborot tizimini joriy etish boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisida memorandum;
  • qishloq xoʻjaligi sohasida oʻzaro anglashuv memorandumi;
  • atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida memorandum;
  • sogʻliqni saqlash sohasida oʻzaro anglashuv memorandumi;
  • radiatsiyaviy himoya va yadroviy xavfsizlik masalalari boʻyicha hamkorlik hamda axborot almashish toʻgʻrisida memorandum;
  • mehnat migratsiyasi sohasida oʻzaro anglashuv memorandumi;
  • turizm sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida memorandum.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Foto: Prezident matbuot xizmati
Foto: Prezident matbuot xizmati
Foto: Prezident matbuot xizmati
Foto: Prezident matbuot xizmati

Shuningdek, tashrif doirasida Oʻzbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi bilan Gruziya Adliya vazirligining Majburiy ijro byurosi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida memorandum ham imzolandi.

Shavkat Mirziyoyevning Gruziyaga davlat tashrifi

O‘zbekiston prezidenti davlat tashrifi bilan Gruziya poytaxti Tbilisiga 2-iyul kuni kelgandi. Davlat rahbari Orbeliani saroyida tantanali kutib olindi. U yerda Shavkat Mirziyoyev Gruziya prezidenti Mixail Kavelashvili bilan muzokaralar o‘tkazdi. Tadbirlar doirasida Shavkat Mirziyoyevni Gruziyaning oliy davlat mukofoti – “Oltin mo‘yna” ordeni bilan taqdirlandi.

3-iyul kuni Tbilisidagi Qahramonlar maydoniga tashrif buyurib, Gruziya birligi uchun halok bo‘lgan qahramonlar yodgorligi poyiga gulchambar qo‘ydi. Shu kuni Shavkat Mirziyoyev va Irakliy Kobaxidze tor doirada va ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokara oʻtkazdi. Unda O‘zbekistonning Gruziyadagi elchixonasini taʼsis etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Bu Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Gruziyaga 20 yildan ortiq davrda birinchi marta amalga oshirayotgan davlat tashrifi bo‘ldi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar