AQSH prezidenti Donald Tramp 2025-yili kriptovalyuta bilan bog‘liq biznes bitimlaridan 1 milliard dollardan ortiq daromad oldi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Uning asosiy daromad manbai oʻgʻillari bilan birgalikda asos solgan World Liberty Financial kriptoloyihasi boʻldi. Deklaratsiyaga koʻra, mazkur kompaniya qariyb 800 million dollar daromad keltirgan. Shundan 520 million dollardan ortigʻi kriptotokenlar savdosidan, 250 million dollardan ziyodi esa biznesdagi ulushlarni sotishdan tushgan. Tramp, shuningdek, oʻzining mem kriptovalyuta savdosidan ham 635 million dollar olgan.
AQSH prezidenti koʻchmas mulk va oʻz brendi ostidagi mahsulotlardan yana millionlab dollar ishlab topgan. Biroq Oq uy prezident o‘z lavozimidan foydalanib daromad koʻrmayotganini ta’kidladi. Tramp oʻz bizneslarini oʻgʻillari boshqaradigan trast fondiga topshirganini bir necha bor ta’kidlagan. Oq uy matbuot kotibi oʻrinbosari Anna Kellining aytishicha, prezident AQSHni “dunyoning kriptopoytaxtiga” aylantirganidan faxrlanadi.
“Prezident ham, uning oilasi ham hech qachon manfaatlar to‘qnashuvi bilan shug‘ullanmagan va shug‘ullanmaydi. Prezident Tramp va uning ma’muriyatining barcha harakatlari Amerika xalqining manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirilmoqda”, dedi u o‘z bayonotida.
Taqqoslash uchun, Tramp 2024-yilda 600 million dollardan ortiq daromad koʻrgandi. U bir vaqtlar kriptovalyutani qattiq tanqid qilib, bitkoinni “firibgarlik” va “sodir boʻlishi kutilayotgan falokat” deb atagan. Ammo 2025-yilgi moliyaviy hisobot u koʻchmas mulk biznesidan emas, balki aynan kriptovalyuta ortidan eng koʻp daromad topganini koʻrsatadi.
- AQSH prezidentining boshqa daromadlari
Tramp oʻzining Mar-a-Lago klubidan, taxminan, 77 million dollar va Florida shtatining Doral shahridagi golf klubidan 122 million dollar daromad olgan. Shuningdek, Nyu Jersi shtatining Bedminster, Florida shtatining Yupiter va Shotlandiyaning Turnberry shaharlaridagi golf klublaridan 30 million dollardan ortiq foyda koʻrgan.
Moliyaviy ma’lumotlarga koʻra, Tramp boshqa biznes loyihalaridan ham millionlab dollar foyda olgan. Bular Trump brendi ostidagi soatlar, kitoblar, kiyimlar, atirlar va gitaralardan olingan 4,7 million dollarni oʻz ichiga oladi.
Tramp turli sud jarayonlaridagi kelishuvlar evaziga 86,5 million dollarlik daromad olganini koʻrsatgan. Ular orasida ABC telekanaliga qarshi da’vodan olingan 16 million dollar, CBS Broadcasting va CBS Interactive’dan 16 million dollar, Meta’dan 24,5 million dollar, YouTube’dan 22 million dollar va X platformasidan 8 million dollar bor.
Ammo Oq uy bu mablagʻning katta qismi Trampning boʻlajak prezidentlik kutubxonasiga yoki Vashington okrugidagi park hududlarini saqlash bilan shugʻullanadigan nodavlat notijorat tashkilotiga yoʻnaltirilganini ta’kidladi.
- Trampning rafiqasi ham daromadini ochiqladi
Birinchi xonim Melaniya Tramp ham 2025-yildagi daromadlarini oshkor qildi. U 2025-yili chiqarilgan oʻzi haqidagi hujjatli film bilan bogʻliq litsenziya shartnomasidan 10,7 million dollar ishlab topdi. Uning yana 6 million dollarlik daromadi NFT’larni, ya’ni onlayn sotiladigan raqamli tasvirlarni sotishdan kelgan. Prezident rafiqasi turli sud jarayonlaridagi kelishuvlar evaziga 86,5 million dollarlik daromad olganini koʻrsatgan.
Forbes jurnali tomonidan tuzilgan dunyoning eng boy odamlari roʻyxatiga koʻra, Trampning boyligi 2024-yildagi 2,3 milliard dollardan 6 milliard dollarga oshgan. Bloomberg milliarderlar indeksi esa prezidentning sof boyligini 7,6 milliard dollarga baholamoqda.
Avvalroq Buyuk Britaniya qiroli tarixda ilk bor qancha soliq to‘laganini ochiqlagan edi. Qiroli Charlz 2024–2025-yillar uchun 12,9 million funt sterling (17 million dollar) miqdorida soliq toʻlagan. Shu tariqa Britaniyaning eng yirik 100 ta soliq toʻlovchisi qatoriga kirgan. Qirollik oilasining Saudiya va Italiyaga tashrifi esa eng qimmat safar deb topilgan.








