Andijon viloyati hokimiga 8-iyun kuni ikki o‘rinbosar tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Abdusattor Otaboyev Andijon viloyati hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi.
U 1976-yilda Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. 1998-yilda Namangan muhandislik pedagogika institutini tamomlagan. Ushbu lavozimga tayinlanguniga qadar, 51411-sonli harbiy qismi kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchisi vazifasida faoliyat olib borgan.
Elmurod Ismoilov Andijon viloyat hokimining o‘rinbosari — viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi.
U 1987-yilda Andijon viloyati Asaka tumanida tug‘ilgan. 2014-yilda Andijon qishloq xo‘jaligi institutini tamomlagan. Ushbu lavozimga tayinlanguniga qadar Andijon viloyati hokimligi investitsiyalar, sanoat va savdo masalalari bo‘yicha kotibiyati mudiri vazifasida faoliyat olib borgan.
Shu kuni Toshkent viloyatining Nurafshon shahri hokimi Ilhom Qilichxonov lavozimidan ozod etildi. Prezident aprel oyidagi videoselektor yig‘ilishida ushbu hokim faoliyatini tanqid qilgandi.








