AQSH, Kanada va Meksika yashil maydonlarida o‘tadigan futbol bo‘yicha Jahon chempionati boshlanishiga ikki haftadan kamroq vaqt qoldi. RIA Novosti muxbirining xabar berishicha, jurnalistlar turnirni yoritish uchun akkreditatsiyadan o‘tishni boshlagan bir paytda, oltita o‘yinga mezbonlik qiladigan Filadelfiya shahrida vaziyat havas qilgulik emas: stadiondan atigi 15 daqiqa uzoqlikdagi ko‘chalarni giyohvandlar butunlay egallab olgan.
Jahon chempionati 11-iyundan 19-iyulgacha bo‘lib o‘tadi. Jurnalistlarga ruxsatnomalarni oldindan olish tavsiya etilmoqda. Xorijlik muxbirlar allaqachon Filadelfiyadagi stadionga kelib, press-kartalar bilan suratga tushishni boshlab yuborishgan. Ammo shahar ko‘chalarida yaqinlashib kelayotgan katta futbol bayrami shukuhi deyarli sezilmaydi. Faqatgina shahar chetidagi bitta reklama taxtasi amerikaliklar “sokker”ni qanchalik “sevishi”ni eslatib turadi, u ham bo‘lsa spirtli ichimliklar reklamasi uchun ishlangan, xolos.
Filadelfiya o‘zining tarixiy qadamjolari bilan mashhur: AQSH Konstitutsiyasi imzolangan Mustaqillik zali yoki mashhur “Rokki” filmi qahramoni yugurib chiqadigan zinapoyalar doim turistlar bilan gavjum. Biroq so‘nggi paytlarda shaharning boshqa bir daxshatli hududi o‘ziga xos “diqqatga sazovor joy”ga aylanib ulgurgan.
Bu stadiondan unchalik uzoq bo‘lmagan, taqiqlangan moddalar ochiqdan-ochiq iste’mol qilinadigan ko‘chalardir. Bu joyni topish qiyin emas — internet qidiruv tizimlarida ham birinchi bo‘lib aynan shu ko‘chalar chiqadi. E‘tiborlisi, shu yerni o‘zida politsiya uchastkasi joylashganiga qaramay, huquq-tartibot idoralari xodimlari ko‘chada shprits ko‘tarib yurganlarga umuman e‘tibor qaratmayapti.
Jurnalistlarning ta‘kidlashicha, bu hududda surat yoki video tasvirga olish juda xavfli. Kameralarni ko‘rgan giyohvandlar darhol tajovuzkor holatga o‘tadi, haqorat qilib, tasvirga olishni taqiqlashga urinadi. Ular orasida gavjum ko‘chada bemalol nina sanchayotganlar, g‘ayritabiiy holatda qotib qolgan “zombilar” va navbatdagi dozasini qidirib tentirab yurgan yuzlab odamlarni uchratish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, bunday daxshatli manzaralarga ega Filadelfiya 14-iyundan boshlab Jahon chempionatining 6 ta uchrashuviga mezbonlik qiladi. Bu arenada Fransiya va Xorvatiya kabi Yevropaning yetakchi terma jamoalari maydonga tushishi belgilangan.








