Eron futbol federatsiyasi mamlakat terma jamoasi yozda bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatida ishtirok etishini ma’lum qildi. Biroq Tehron turnir mezbonlari — AQSH, Meksika va Kanadadan bir qator shartlarni bajarishni talab qilmoqda.
Yaqinda Kanada hukumati Eron futbol federatsiyasi rahbarini mamlakatga kiritishni rad etgan edi. Bunga uning 2024-yilda terrorchi tashkilot deb e’lon qilingan Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IRGC) bilan aloqalari borligi sabab qilib ko‘rsatilgan. Qolaversa, Yaqin Sharqdagi urush harakatlari fonida Eronning turnirdagi ishtiroki so‘roq ostida qolayotgan edi.
Federatsiya prezidenti Mehdi Toj davlat telekanali orqali mamlakatning asosiy talablarini sanab o‘tdi. Unga ko‘ra, barcha futbolchilar va texnik xodimlarga, jumladan, IRGC’da harbiy xizmatni o‘tagan Mehdi Taremi va Ehsan Hojsafi kabi o‘yinchilarga hech qanday muammosiz viza berilishi shart. Shuningdek, turnir davomida Eron bayrog‘i va madhiyasiga to‘liq hurmat ko‘rsatilishi lozim. Aeroportlar, mehmonxonalar va stadionlarga boradigan yo‘llarda yuqori darajadagi xavfsizlik choralari ta’minlanishi kerak.
“Biz jahon chempionatida albatta qatnashamiz, biroq o‘z e’tiqodimiz, madaniyatimiz va qarashlarimizdan aslo chekinmaymiz”, deyiladi federatsiya bayonotida.
O‘z navbatida, AQSH Davlat kotibi Marko Rubio eronlik futbolchilar yaxshi kayfiyatda kutib olinishini ma’lum qildi. Biroq u ham IRGC bilan aloqador delegatsiya a’zolarining mamlakatga kirishi taqiqlanishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Ma’lumot o‘rnida, Eron terma jamoasi turnir davomida Arizona shtatining Tuson shahrida istiqomat qilishi ko‘zda tutilgan. Jamoa “G” guruhidan joy olgan bo‘lib, Yangi Zelandiya, Belgiya va Misr jamoalariga qarshi maydonga tushadi.








