Daryo

Mariana botig‘idek chuqur zaxira: Fransiya qanday qilib jahonning eng kuchli terma jamoasiga aylandi?

Fransiya terma jamoasining Jahon chempionatiga bormaydigan tarkibi dunyoning ko‘plab jamoalarning asosiy tarkibidan ham qimmatroq. Xo‘sh, bu mamlakat qanday qilib yulduzlar oqimi hech qachon to‘xtamaydigan haqiqiy futbol fabrikasiga aylandi? Quyida shu haqida so‘z yuritiladi.

4 daqiqa o‘qish8 754 ko‘rishlar0 izoh8

Belgiyalik himoyachi Tomas Menye yaqinda Fransiya terma jamoasi haqida qiziq bir fikr bildirdi: uning aytishicha, fransuzlarda Jahon chempionatida g‘olib chiqa oladigan darajadagi uchta alohida tarkib tuzishga yetadigan iqtidorlar bor. Xo‘sh, Ispaniya bilan birgalikda bo‘lajak Jahon chempionatining asosiy favoritlari qatorida e’tirof etilayotgan “uchranglilar” rostdan ham ikkinchi yoki uchinchi tarkibi bilan titulni yuta oladimi? Balki yo‘qdir, biroq ulardagi iqtidorlar zaxirasi rostdan ham Mariana botig‘idek chuqur.

Tasavvur qiling: Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, Fransiyaning 26 kishilik yakuniy ro‘yxatiga kirmay qolgan futbolchilaridan tuzilgan ramziy jamoaning o‘zi qariyb 418 million yevroga baholanmoqda. Bu raqam dunyodagi juda ko‘plab kuchli terma jamoalarning asosiy tarkibidan ham qimmatroq demakdir.

Tarkibga kirmay qolgan yulduzlar qiymati:

  • Luka Shevale — 30 mln yevro
  • Pyer Kalulu — 32 mln yevro
  • Jeremi Jake — 55 mln yevro
  • Leni Yoro — 50 mln yevro
  • Adryen Tryuffer  — 25 mln yevro
  • Bubakar Kamara — 40 mln yevro
  • Eduardo Kamavinga — 50 mln yevro
  • Dilani Bakva — 28 mln yevro
  • Senni Mayulu yoki Hefren Tyuram — 40 mln yevro
  • Mussa Diabi — 28 mln yevro
  • Junior Krupi — 40 mln yevro

Ushbu “zaxira”ning umumiy qiymati 418 million yevroni (har bir futbolchining o‘rtacha narxi 38 mln yevro) tashkil etadi. Xo‘sh, Fransiya terma jamoasi bunday darajaga qanday yetib keldi?

Foto: Getty Images

Barchasi 1930-yillardan 1970-yillargacha Fransiya jamoalarining yirik turnirlardagi muvaffaqiyatsizliklaridan keyin boshlangan. 1970-yillar boshida milliy terma jamoa bosh murabbiyi Jorj Bulon yechim sifatida Fransiya futbol federatsiyasiga “Centres de Formation” deb nomlangan o‘quv akademiyalarini tashkil etishni taklif qiladi.

“Fransiya uzoq vaqt hech qanday sovrin yutmagan edi va ular mutlaqo yangi tizim yaratish kerak, degan qarorga kelishdi”, deydi Klerfonten akademiyasi (INF) ma’muri Frank Bentolila.

Hukumat ushbu dasturni qo‘llab-quvvatladi. Chunki sport orqali fransuz g‘oyalarini targ‘ib qilish va sovrinlar yutish davlat manfaatlari uchun muhim edi. Mamlakat bo‘ylab jami 16 ta markaz tashkil etilib, dastlabkisi 1974-yilda Vishi shahrida ochilgan. Bu markazlar butun mamlakatdan, shuningdek, xorijdagi hududlardan ham yosh futbolchilarni yig‘ib, ularni professional karyera va milliy terma jamoa uchun tayyorlay boshladi.

Dastlabki yillarda bu tizim aralash natijalar berdi. 1980-yillarda Fransiya Yevropa chempionati va Olimpiya o‘yinlarida (1984-yilda) zafar quchdi hamda ikkita Jahon chempionatida yarim finalga qadar yetib bordi. Biroq 1990 va 1994-yilgi mundiallarga yo‘llanma ololmadi.

Lekin 1998-yilga kelib barchasi o‘z o‘rniga tushdi: o‘z maydonida o‘tgan Jahon chempionatida ko‘p millatli “Qora-Oq-Arab” deb nom olgan tarkib chempionlikni qo‘lga kiritdi. 1990-yillarda terma jamoa sardori bo‘lgan darvozabon Bernar Lama o‘sha davrni shunday xotirlaydi:

“Mishel Platini, Alen Jiress va Jan Tigana davrida iqtidorlar ko‘p edi, ammo biz Jahon chempionatini yuta olmagandik. Bizning avlodning farqi shunda ediki, yigitlarning barchasi akademiyalardan yetishib chiqqandi va biz g‘alabaga juda och edik. Qolaversa, safimizda Zinedin Zidan kabi iste’dod egasi bor edi”.

Foto: Getty Images

Fransiya keyinchalik 2018-yilda ham Jahon kubogini ko‘tarib, 2006 va 2022-yillarda finalga qadar yetib bordi. Lamaning fikricha, bu yutuqlar faqat tizimgina emas, immigratsiyaning ta’siri hamdir:

“Afrika, Fransiya Gvianasi, Martinikadan kelgan odamlar bizga ikkita narsa beradi: musiqa va sport. Hozirgi kunda Usmon Dembele yoki Dezire Due kabi yoshlar aynan shu yerda o‘sib ulg‘aymoqda, ular asli fransuz. Va ular doim yutishni xohlaydi”.

Zamonaviy futbolda o‘yinchilarning haddan tashqari qoliplangan va “robot”ga aylanib qolishi xavfi mavjud. Ammo Fransiyada o‘yin taqdirini yakkama-yakka hal qila oladigan iste’dodlar talaygina. Klerfonten akademiyasida mashg‘ulotlar ko‘cha futboli ko‘nikmalarini tartib-intizom bilan mukammal uyg‘unlashtiradi. Bolalar tinimsiz yakkama-yakka, ikkiga-ikki formatda shug‘ullantirilib, ulardagi dribling va improvizatsiya erkinligi bo‘g‘ib qo‘yilmaydi.

Tajribali murabbiy va futbol skauti Stefan Nado muvaffaqiyat formulasini shunday izohlaydi:

“Bizda barcha e’tibor faqat futbolchining o‘ziga qaratiladi. Bolalarni oilasidan mutlaqo ajratib qo‘ymaymiz, chunki ruhiy jihatdan ularning o‘z yaqinlari yonida ulg‘ayishi juda muhim. Muvaffaqiyatimiz siri oddiy: tinimsiz mehnat, to‘g‘ri ishlangan tizim va qat’iy tartib. Aynan shuning uchun ham Fransiya xorijga iqtidorli futbolchilarni yetkazib berish bo‘yicha dunyoda yetakchilardan biri hisoblanadi.”

Bugungi kunda iste’dodlarni rivojlantirish faqat milliy markazlar doirasida qolib ketgani yo‘q. Frank Bentolilaning ta’kidlashicha, hozir dunyoda futbol iqtidorlarini izlash bo‘yicha eng yaxshi ikkita joy bor: biri San-Paulu, ikkinchisi esa Parij.

“Parijda shunday havaskor klublar borki, ular ‘Barselona’ning yoki mashhur professionallarning yoshlar jamoalarini bemalol mag‘lub eta oladi. Bolalar har qanday joyda, xohlagan vaqtida to‘p suradi. Ular xuddi askarlar kabi har kuni maydonda jang qiladi va bosim ostida o‘ynab toblanadi”.

1980-yillarda “uchranglilar”ni “Yevropa braziliyaliklari” deb atashardi. Garchi bunga biroz vaqt ketgan bo‘lsa-da, ular ushbu nomga munosib ekanliklarini o‘z uslublarida isbotlashdi.

“Braziliyada bolalar kunni futbol bilan boshlasa, Fransiyada esa avval maktabga boriladi, keyin esa maydonda futbol o‘ynaladi. Lekin Braziliyadagi singari biz ham juda ko‘p va juda sifatli futbol o‘ynaymiz”, deya qo‘shimcha qiladi Bentolila.

Qashqadaryo viloyatidanman. O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Bosma OAV fakulteti, Sport jurnalistikasi yo‘nalishini tugatganman. “Daryo”da 2025-yilning mart oyidan beri ishlayman va xabarlar hamda tahliliy maqolalar yozaman. Har yili Qozog‘istonning “Hokim” kinosini kamida bir marta ko‘raman. Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasini sevib o‘qiyman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar