Portugaliya terma jamoasi yarim himoyachisi Vitinya milliy jamoaning 2026-yilgi Jahon chempionatidagi imkoniyatlari haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Bu haqda A Bola nashri xabar berdi.
“Biz yuqori darajadagi terma jamoa ekanligimizni, tarkibimizda dunyoning eng yaxshi klublarida to‘p suradigan ko‘plab iqtidorli futbolchilar borligini bilamiz. Shuning uchun ham tarixda hali hech qachon bunday kuchli jamoamiz bo‘lmagan, deb ayta olaman. Ammo qog‘ozdagi nomlar hech narsani hal qilmaydi. Biz o‘zimizni favoritlar emas, balki juda kuchli terma jamoa sifatida chempionlikka da’vogarlar qatoriga qo‘shgan bo‘lardim. Buni doim yodda tutishimiz kerak. Bizda ulkan salohiyat bor va uni yuzaga chiqarishimiz zarur.
Muvaffaqiyat garovi — kamtar bo‘lish, faqat navbatdagi o‘yin haqida o‘ylash va kelajakka haddan tashqari uzoq nazar tashlamaslik ekanligini yaxshi tushunamiz. Bizda iqtidorlar yetarli. Faqat bor kuchimizni maydonga tashlab, ishimizga fidoyilik bilan yondashishimiz kerak. Bu yaxshi natijaga erishish uchun eng ideal retseptdir. Biz aynan shunga intilamiz. Ammo maydonda o‘z ishimizni bajarmasak, buning hech qanday ahamiyati qolmaydi. Hammasi ijobiy yakun topishi uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz.
Jahon chempionatida g‘alaba qozonish yoki Chempionlar Ligasidagi g‘alaba? Bu butunlay boshqacha tuyg‘u, biroq terma jamoa bilan eng muhim sovrinni yutish — shubhasiz, juda o‘zgacha voqelik”, deydi Vitinya.
Ma’lumot o‘rnida, 2026-yilgi Jahon chempionatining guruh bosqichida Portugaliya terma jamoasi O‘zbekiston, Kolumbiya va Kongo Demokratik Respublikasi bilan kuch sinashadi. JCH—2026 turniri 11-iyundan 19-iyulgacha AQSH, Kanada va Meksika yashil maydonlarida bo‘lib o‘tmoqda.








