Ispaniyaning sobiq bosh vaziri Mariano Raxoy JCH—2026 yarim finalidan o‘rin olgan Ispaniya va Fransiya uchrashuvi oldidan tanqidlar ostida qoldi. Bunga uning Fransiya milliy jamoasi tarkibida “fransuz futbolchilari yo‘q” qabilida bildirgan fikri sabab bo‘ldi.
Ispaniyaning amaldagi bosh vaziri Pedro Sanches ushbu so‘zlarni irqchilik deb atadi.
“Kimdir hamon odamlarning qayerga mansubligini uning familiyasi, tug‘ilgan joyi yoki terisining rangiga qarab o‘lchamoqda. Ispaniya — bu yurtni sevadigan va uning ravnaqi yo‘lida mehnat qiladigan insonlarnikidir. Ksenofobik bayonotlar bilan mamlakatni sharmanda qiladiganlarga emas”, deb yozdi Sanches o‘zining X sahifasida.
Shuningdek, Ispaniya transport vaziri Oskar Puente Raxoyni “Franko (sobiq diktator) davridan qolib ketgan ahmoq”, deb atadi.
Fransiyalik siyosatchilar ham holatga jiddiy munosabat bildirdi. Xususan, mamlakat ichki ishlar vaziri Loran Nunyes buni mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan holat deya baholagan bo‘lsa, anti-diskriminatsiya vaziri Oror Berje sportchilar boshqa mezonlarga qarab emas, balki faqat iqtidoriga qarab baholanishi kerakligini ta’kidladi.
Kommunistik partiya yetakchisi Fabyen Russel esa vaziyatni Paragvay senatori Seleste Amarillaning Kilian Mbappega qaratilgan so‘zlariga o‘xshatdi (eslatib o‘tamiz, Amarilla avvalroq Mbappeni “o‘zini fransuz qilib ko‘rsatayotgan kamerunlik” degandi). Russel bu kabi jirkanch irqchilik to‘xtamayotganidan afsusda ekanini bildirdi.
Holat yuzasidan Fransiyaning Madriddagi elchixonasi o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida rasmiy javob qaytardi:
“Fransiya terma jamoasining barcha o‘yinchilari — fransuzlardir. 26 nafar futbolchining 23 nafari Fransiyada tug‘ilgan. Xorijda tug‘ilgan 3 nafari ham fransuz hisoblanadi”.
Ma’lumot uchun, Fransiya hamda Ispaniya terma jamoalari o‘rtasidagi yarimfinal uchrashuvi 14-iyuldan 15-iyulga o‘tar kechasi soat 00:00 da boshlanadi.








