Daryo

AQSH Isroilning Eronga uyushtirayotgan hujumlarida qatnashmoqda — AP (video)

Birinchi zarba Eron Oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiyning idorasi yaqinidagi hududga berilgan bo‘lishi mumkin.

2 daqiqa o‘qish11 821 ko‘rishlar0 izoh4

Amerika Qo‘shma Shtatlari Isroilning Eronga qarshi hujumlarida ishtirok etmoqda. Bu haqda Associated Press (AP) agentligi amerikalik mansabdor shaxs va operatsiyadan xabardor manbaga tayanib xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, birinchi zarba Eron Oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiyning idorasi yaqinidagi hududga berilgan bo‘lishi mumkin.

Maxfiy harbiy amaliyotlar haqida batafsil ma’lumot berish uchun ismini oshkor qilmaslik sharti bilan so‘zlagan amerikalik rasmiy hamda amaliyotdan xabardor manbaning aytishicha, Qo‘shma Shtatlar bu hujumda ishtirok etmoqda, biroq uning ishtiroki qay darajada ekani hozircha noma’lum.

86 yoshli Xomanaiy o‘sha paytda o‘z idorasida bo‘lgan-bo‘lmagani hozircha mavhum. Qayd etilishicha, Qo‘shma Shtatlar bilan munosabatlar keskinlashgani sababli u bir necha kundan beri omma oldida ko‘rinish bermagan. Hujum esa AQSH Eronga bosim o‘tkazish va uni yadroviy dastur bo‘yicha kelishuvga majburlash maqsadida mintaqaga ko‘plab qiruvchi samolyotlar va harbiy kemalardan iborat flotini to‘plagan bir paytda sodir bo‘lgan.

Poytaxt bo‘ylab boshqa portlashlar ham yangrayotgan bir paytda, hukumat Tehron markazidagi Xomanaiy qarorgohiga olib boruvchi yo‘llarni to‘sib qo‘ygan.

Eronning zudlik bilan javob zarbasi berish-bermasligi hozircha noaniq, biroq Tehron har qanday javob chorasi nishoni mintaqadagi AQSH harbiylari va bazalari bo‘lishidan ogohlantirgan.

Isroil mudofaa vaziri Israel Kats hujumni “tahdidlarni bartaraf etishga qaratilgan” deya ta’riflagan. U hozircha tafsilotlarni ma’lum qilmagan.

Ma’lum qilinishicha, Tehronda guvohlar birinchi portlashni Xomanaiy idorasi yaqinida eshitgan. Keyinroq Eron davlat televideniyesi sababini ko‘rsatmagan holda portlash haqida xabar bergan. Eron o‘z havo hududini yopgan va mobil aloqa o‘chirilgan.

Foto: Al Jazeera
Foto: Al Jazeera

Fevral oyi o‘rtalarida Vashington va Tehron o‘rtasidagi yadroviy muzokaralarning 17-fevraldagi ikkinchi bosqichi hech qanday natijasiz yakunlanganidan so‘ng, AQSH Yevropa va Yaqin Sharqdagi bazalarga 150 dan ortiq samolyotni joylashtirib, Eron yaqinidagi harbiy ishtirokini kuchaytirgani xabar qilingan edi.

Gretsiyaning Krit oroli sohillarida ko‘ringan USS Gerald R. Ford harbiy kemasi bortida o‘nlab qo‘shimcha samolyotlar bor. Ford Yaqin Sharqqa yuborilgan ikkinchi aviatashuvchi bo‘lib, uning yetib kelishi AQSHning barcha faoliyatdagi kemalarining qariyb uchdan bir qismi ayni paytda shu mintaqada ekanini anglatadi.

27-fevral kuni Shveysariyaning Jeneva shahrida AQSH va Eron o‘rtasida Tehronning yadroviy dasturi bo‘yicha o‘tkazilgan navbatdagi muzokaralar yakunlandi. Vositachi sifatida ishtirok etgan Ummon tomoni uchrashuvda muayyan siljishlar borligini bildirgan bo‘lsa-da, tomonlar yakuniy kelishuvga erisha olmadi.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar