Daryo

Eron blokada sabab neft qazib olishni qisqartirishni boshladi

AQSHning dengiz yo‘llarini to‘sib qo‘yishi Tehron iqtisodiyotini qiyin ahvolda qoldirdi. Eksport yo‘llari yopilishi oqibatida neft omborlari to‘lib bormoqda. Shunga qaramay, Eronda bunga qarshi kurash uchun ikkita muqobil yo‘l bor.

3 daqiqa o‘qish4 364 ko‘rishlar0 izoh2

AQSHning Hormuz bo‘g‘ozidagi dengiz blokadasi kuchayishi ortidan Eronning neft savdosi keskin pasayib ketdi. Eksport hajmi kamayib, omborlar to‘lib bormoqda. Shu sababli mamlakat neft qazib olishni cheklashga majbur bo‘lmoqda. Bu haqda eronlik yuqori martabali mulozimga tayanib Bloomberg xabar berdi.

“Vashington vaziyatni nazorat qilayotgan bo‘lsa-da, bitta muhim jihatni inobatga olmayotgan bo‘lishi mumkin: Tehron o‘n yillar davomida bunday ssenariylarga tayyorgarlik ko‘rib kelgan”, deyiladi xabarda.

Hozirda Yaqin Sharqdagi urush boshi berk ko‘chaga kirib qolgan. Tomonlar bir-birining taslim bo‘lishini kutmoqda. Prezident Donald Tramp Eronning asosiy daromad manbasini nishonga olish orqali mojaroga chek qo‘ymoqchi.

Ammo Eron blokadaga chidash bo‘yicha o‘zining sinovdan o‘tgan usullarini ishga solmoqda. Bu esa neft narxining so‘nggi to‘rt yildagi eng yuqori darajaga chiqishiga sabab bo‘ldi (126 dollardan oshdi).

Eron omborlar butunlay to‘lib qolishini kutmasdan, qazib olishni oldindan kamaytirmoqda. Muhandislar ko‘p yillik sanksiyalar davrida quduqlarga zarar yetkazmasdan ularni vaqtincha to‘xtatish va tezda qayta ishga tushirishni o‘rganib olgan.

“Bizda yetarli tajriba va bilim bor. Biz xavotirda emasmiz”, deydi Eron neft, gaz va neft-kimyo mahsulotlari eksportchilari uyushmasi vakili Hamid Husayniy.

Ilgari Eron G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tib, o‘zining “soyadagi floti” orqali Xitoyga yashirincha neft sotgan. Hozirda bu usul ish bermayapti. Chunki AQSH harbiylari Hormuz bo‘g‘ozi atrofidagi suv yo‘llarini to‘sib qo‘ygan. Oqibatda o‘n millionlab barrel neft dengizda qolib ketdi.

Eron rasmiylari neftni cheksiz muddatga qazib olish imkonsizligini tan olmoqda. Hozirgi asosiy masala — kim iqtisodiy qiyinchilikka ko‘proq chiday olishida. AQSH ham yuqori neft narxlari tufayli bosim ostida qolmoqda.

Iqtisodiy inqiroz va xatarlar

Neft qazib olishni to‘xtatish — xavfli jarayon. Agar quduqlar noto‘g‘ri tarzda yopilsa, ularga tiklab bo‘lmas zarar yetishi mumkin. Oq uy aynan mana shunga umid qilmoqda.

Ayni damda Eron iqtisodiyoti allaqachon og‘ir ahvolda. Milliy valyuta dollar qarshisida rekord darajada qadrsizlangan. Po‘lat va plastmassa sanoatida urush talafotlari tufayli narxlar oshib ketdi. Hukumat daromad keltiradigan boshqa eksport turlarini ham cheklashga majbur bo‘lmoqda.

Zaxira qachongacha yetadi?

Tramp 26-aprel kuni Eronning neft infratuzilmasi uch kun ichida “portlaydi” (ya’ni quvvati tugaydi) deb bashorat qilgandi. Ammo bu muddat o‘tib ketdi. Mutaxassislarning fikricha, hozirgi qazib olish sur’atida Eronning yana bir oycha vaqti bor. Shundan so‘ng saqlash sig‘imlari butunlay to‘ladi.

Hozirda Eron nefti ortilgan 18 ta tanker Fors va Ummon qo‘ltiqlarida turibdi. Ular 35 million barrelgacha xomashyoni sig‘dira oladi.

Muqobil yo‘llar

Agar barcha omborlar to‘lsa, Eronning ikkita yo‘li qoladi:

1. Qazib olishni ikki baravar kamaytirish. Ichki ehtiyoj uchun kuniga 2 million barrel qoldirib, qolganini to‘xtatish.

2. Quruqlik orqali eksport. Neftni Turkiya, Pokiston, Afg‘oniston va O‘zbekistonga avtotransport orqali tashish. Bu yo‘nalishda kuniga 250-300 ming barrel neft yetkazib berish mumkin.

Shuningdek, neft mahsulotlarini temiryo‘l orqali Xitoyga tashish varianti ham ko‘rilmoqda. Biroq bu dengiz yo‘liga qaraganda ancha qimmatga tushadi.

Urush tugadimi? 

AQSH prezidenti Donald Tramp 1-may kuni qonun chiqaruvchilarni Eron bilan urush yakunlangani haqida xabardor qildi. Bu orqali u Kongressning urushni ma’qullashi borasidagi bahslarga chek qo‘yishga urindi. 

Bundan oldinroq Eron oliy rahnamosi Mojtaba Xomanaiy urushda AQSH sharmandalarcha mag‘lub bo‘lganini ta’kidlagandi. 

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar