AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) shu haftada Tramp ma’muriyatiga hisobot taqdim etdi. Unga ko‘ra, Eron AQSHning dengiz blokadasiga yana uch yoki to‘rt oy bardosh bera oladi. Shundan keyingina mamlakat og‘ir iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin.
MRB hisobotida aytilishicha, Isroil va AQSHning bir necha haftalik bombardimonlariga qaramay, Tehron ballistik raketa salohiyatini saqlab qolgan. Bu ma’lumotlar Tramp ma’muriyati bayonotlariga zid kelmoqda. Oq uy Eronning dron va raketa imkoniyatlari deyarli butunlay yo‘q qilinganini iddao qilgan edi.
The Washington Post nashrining AQSH rasmiysiga tayanib yozishicha, Eron urushdan oldingi mobil raketa uchirish qurilmalarining 75 foizini saqlab qolgan. Raketalar zaxirasining qariyb 70 foizi hali ham mavjud.
Shuningdek, Eron o‘zining yer osti raketa saqlash omborlarini qayta ochishga muvaffaq bo‘lgan. Vaholanki, 6-may kuni Tramp Oval kabinetda jurnalistlarga shunday degan edi:
“Ularning raketalari deyarli yo‘q qilindi. Balki 18 yoki 19 foizi qolgandir, lekin avvalgi holatiga qaraganda bu juda kam”.
AQSH urush vaziri Pit Hegset aprel oyi boshida “Epik g‘azab” operatsiyasi Eron armiyasini yakson qilgani va uni ko‘p yillarga jangovar qobiliyatdan mahrum etganini aytgandi. Biroq Eron o‘zining qo‘mondonlik va nazorat tizimi butun ekanini va istalgan vaqtda hujum qila olishini namoyish etmoqda.
Shu haftaning o‘zida Eron AQSH harbiy kemasining Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tishiga javoban BAAga o‘ndan ortiq raketa va dronlar bilan hujum qildi. Tehron AQSH harbiy kemasiga zarba berganini ham aytdi, biroq Oq uy buni rad etdi.
Neft infratuzilmasi
Tramp o‘tgan hafta Fox News kanaliga bergan intervyusida Eron neft infratuzilmasi haqida gapirib, uch kun ichida bu sohada muammolar yuzaga kelishini aytgandi. AQSH rasmiylariga ko‘ra, Eronda neft saqlash uchun joy tugamoqda. Neftning haddan tashqari to‘planib qolishi mamlakatning eski energetika infratuzilmasini izdan chiqarishi mumkin.
Mutaxassislarning taxminlari turlicha. Jumladan, Middle East Eye nashri tahlilchilari Eronda bir necha haftalik saqlash joyi qolganini aytmoqda. Kpler energetika kompaniyasi 6-may kuni The New York Times’ga Eron zaxira saqlash joylari 25-30 kunga yetishini bildirdi. MRB tahlili esa uzoqroq muddatni — 90 kundan 120 kungacha vaqtni ko‘rsatmoqda.
Strategik bo‘g‘oz va qo‘shnilar bilan savdo
Hozirda AQSH ham, Eron ham Hormuz bo‘g‘ozida blokada o‘rnatgan. Eron o‘z tankerlarini chiqara olmayapti, ayni paytda, Fors ko‘rfazi davlatlarining neft eksportiga ham to‘sqinlik qilmoqda.
Shunga qaramay, Eron qo‘shni davlatlar bilan umumiy savdoda Hormuz bo‘g‘oziga mutlaqo bog‘lanib qolmagan. Mamlakat Kaspiy dengizi orqali Rossiya, Ozarbayjon, Turkmaniston va Qozog‘iston bilan bog‘langan.
Shuningdek, uning Pokiston, Afg‘oniston, Turkiya, Iroq va Armaniston bilan quruqlikdagi chegaralari mavjud. Eron oziq-ovqat kabi o‘ta muhim mahsulotlar bilan o‘zini 80 foizga ta’minlay oladi.
AQSH va Eron o‘rtasidagi yangi muzokaralar raundi kelasi hafta Pokiston poytaxti Islomobodda o‘tkazilishi mumkin. Ma’lumotlarga ko‘ra, Vashington va Tehron tomonlari hozirda vositachilar bilan birgalikda o‘zaro anglashuv memorandumi ustida ishlamoqda.
Ushbu hujjatda bir oy davom etishi rejalashtirilayotgan muzokaralar jarayonining shartlari belgilanadi. Agar kelishuvga erishilsa, muzokaralar Islomobodda kelasi haftadayoq qayta boshlanishi mumkin.








