Eron Hormuz bo‘g‘ozi orqali harakatlanadigan kema egalaridan to‘lovni kriptovalyutada amalga oshirishni talab qildi. Bu haqda Financial Times xabar berdi.
Eron neft, gaz va neft-kimyo mahsulotlari eksportchilari ittifoqi raisi Hamid Husayniyning aytishicha, to‘lov har bir olib o‘tilgan barrel uchun bir dollarga teng bo‘ladi. Bo‘sh tankerlar bo‘g‘ozdan bepul o‘tishi mumkin.
Tranzaksiyalarni kuzatuvlardan va ehtimoliy sanksiyalardan himoya qilish maqsadida to‘lov vositasi sifatida aynan kriptovalyuta tanlangan. Kemalar bo‘g‘oz bo‘ylab harakatlanishdan avval Eron rasmiylarini xabardor qilishi va ulardan ruxsat olishi shart. Bunga rioya etmagan kemalar “yoʻq qilinishi” mumkin.
AQSH, Isroil va Eron 8-aprelga o‘tar kechasi urushda vaqtinchalik sulhga erishdi. Ikki haftalik sulh Eron kemalar harakatlanishi uchun Hormuz boʻgʻozini ochishini nazarda tutadi. AQSH esa Tehronga hujumlarini toʻxtatadi. Oʻn toʻrt kun davomida tomonlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar orqali yakuniy tinchlikka erishishi kerak.
Biroq sulhga erishilganidan bir necha soat oʻtib Isroil Livanga aviazarbalar yoʻlladi va 250 dan ortiq odamning oʻlimiga sabab boʻldi. Eron sulh shartlariga Livanga hujum qilmaslik kiritilganini taʻkidladi va AQSHni sulhni buzganlikda aybladi. Shundan soʻng Hormuz boʻgʻozi orqali harakatlanish yopib qoʻyildi. Tomonlar 10-aprel kuni Pokistonning Islomobod shahrida muzokara oʻtkazishi kutilmoqda, ammo unda Tehron rasmiylari ishtirok etishi nomaʻlum.








