AQSH prezidenti Donald Tramp Eronga “butun boshli sivilizatsiyani” yo‘q qilish bilan tahdid qilgan bir paytda, parda ortida natijasi hatto prezidentga yaqin manbalar uchun ham noma’lum bo‘lgan keskin diplomatik jarayon kechayotgan edi. Ushbu muzokaralarda Eronning yangi oliy rahnamosi Mojtaba Xomanaiy ilk bor faol ishtirok etdi va aynan u sulhga erishishda hal qiluvchi rol o‘ynadi. Bu haqda Axios manbalari xabar berdi.
Xavfsizlik nuqtayi nazaridan Xomanaiy muloqotni kuryerlar orqali yetkaziladigan maxfiy xatlar yordamida olib borgan. Shunga qaramay sulhga erishishda uning roziligi asosiy omil bo‘lgan. Bu vaqtda Pentagon rasmiylari va AQSHning Yaqin Sharqdagi kuchlari Eron infratuzilmasini keng ko‘lamli bombardimon qilishga so‘nggi daqiqagacha tayyorgarlik ko‘rayotgan edi. Ular Tramp belgilagan 48 soatlik ultimatum tugashiga atigi 2 soat qolganida hujumni bekor qilish to‘g‘risidagi buyruqni olgan.
6-aprel kuni Donald Trampning “darg‘azab” maxsus vakili Stiv Uitkoff telefon orqali keskin muzokaralar o‘tkazgan. U vositachilar bilan suhbatda Erondan olingan 10 banddan iborat dastlabki taklifni “falokat” deb atagan. Shundan so‘ng tomonlar takliflarni qayta ko‘rib chiqish jarayonini boshlagan.
Pokistonlik vositachilar Uitkoffning yangi variantlarini Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchiga yetkazgan. Misr va Turkiya tashqi ishlar vazirlari esa kelishmovchiliklarni bartaraf etishga ko‘maklashgan. Kechga borib, ikki haftalik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha yangilangan taklif AQSH tomonidan ma’qullangan va yakuniy qaror Mojtaba Xomanaiy ixtiyoriga qolgan.
Axios suhbatdoshlarining aytishicha, Xomanaiy “jarayonda faol ishtirok etgan”, biroq uning ishtiroki qat’iy maxfiylik choralari bilan ta’minlangan, u asosan kuryerlar orqali xabar almashgan.
7-aprel kuni ertalab muzokaralarda siljish kuzatilgan bo‘lsa-da, Tramp tahdid qilishdan to‘xtamagan. U Eron sivilizatsiyasini yo‘q qilishga qaratilgan zarba 8-aprelga o‘tar kechasi amalga oshirilishini nazarda tutgan. Ayni o‘sha vaqtda, saylovlar oldidan bosh vazir Viktor Orbanni qo‘llab-quvvatlash uchun Vengriyaga tashrif buyurgan AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens ham telefon orqali muzokara olib borgan. Muloqot asosan Vashington va Tehron o‘rtasidagi asosiy vositachi bo‘lgan Pokiston bilan amalga oshgan.
Nihoyat, 7-aprel kuni tushga yaqin (Toshkent vaqti bilan tunda) tomonlar o‘rtasida “umumiy tushunish”ga erishilgan. Oradan uch soat o‘tib, Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif Trampni ultimatum muddatini kechiktirishga, Eronni esa Hormuz bo‘g‘ozini ochishga chaqirgan. Tramp bu vaqtda urush tarafdori bo‘lgan ittifoqchilaridan taklifni rad etishni so‘rab ko‘plab qo‘ng‘iroqlar va xabarlar olgan.
Hatto u bilan bir-ikki soat oldin gaplashganlar ham prezident sulhni rad etadi deb o‘ylagan, biroq Tramp kutilmaganda uni qabul qilgan. AQSH rahbari sulh haqida e’lon qilishidan biroz avval Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan bog‘lanib, undan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga amal qilish majburiyatini olgan. So‘ngra kelishuvni yakunlash uchun pokistonlik feldmarshal Asim Munir bilan gaplashgan. Amerika qo‘shinlari chekinish haqidagi buyruqni Trampning Truth Social tarmog‘idagi posti e’lon qilinganidan 15 daqiqa o‘tgach, olgan. Mazkur postda AQSH rahbari ikki haftalik sulhga erishilgani haqida ma’lumot bergan.
Axios’ning ikki suhbatdoshi Xomanaiyning kelishuvni ma’qullashini “yutuq” deb atadi. Ular ikki kun ichida barcha muhim qarorlar Eron oliy rahnamosi orqali qabul qilinganini aytdi.
“Uning roziligisiz kelishuv amalga oshmagan bo‘lardi”, dedi nashrning mintaqadagi manbasi.
Shu bilan birga, Axios suhbatdoshlari Xomanaiyning ahvoli va uning qayerda ekani haqida gapirmagan. Garchi bir kun avval The Times nashri Amerika va Isroil razvedkasiga tayanib yangi oliy rahnamo Qumda davolanayotgani, ahvoli og‘ir ekani va “hech qanday qaror qabul qilishda ishtirok eta olmasligi” haqida xabar bergan edi. Biroq sulh jarayoni buning aksini ko‘rsatdi.
Hozirda AQSH va Eron 10-aprel kuni Islomobodda rasmiy muzokaralar o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Biroq sulhga erishilganidan bir necha soat o‘tib Isroil Livanni bombardimon qilib, 250 dan ortiq odamning o‘limiga sabab bo‘ldi. Shundan so‘ng Eron parlamenti spikeri Muhammad Bagir G‘olibaf Tehron tomonidan o‘t ochishni to‘xtatishga asos qilib olingan 10 bandlik rejaning uchta asosiy bandi buzilganini aytdi. Ulardan biri Livanga o‘t ochishni to‘xtatishni o‘z ichiga olgan. Natijada Eron 10-aprel kungi muzokaralarda ishtirok etmasligini ma’lum qildi va Hormuz bo‘g‘ozini yopib qo‘ydi. Tramp esa agar Eron shartlarga rioya qilmasa, aviahujumlar tiklanishini aytmoqda.








