Daryo

Italiya BMT mandatisiz Hormuz bo‘g‘oziga harbiy kemalar yubormasligini ma’lum qildi

Italiyalik rasmiy NATO qo‘shinlari Yevropani tark etishi uchun sabab yo‘qligini aytdi.

2 daqiqa o‘qish3 012 ko‘rishlar0 izoh3

Italiya AQSH va Eron o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvidan so‘ng, agar BMTning maxsus ruxsati bo‘lmasa, Hormuz bo‘g‘ozi hududida xavfsizlikni nazorat qilish uchun birorta ham kema yubormaydi. Bu haqda 8-aprel kuni Italiya bosh vaziri o‘rinbosari Matteo Salvini bayonot berdi.

Italiya bosh vaziri Jorja Melonining konservativ hukumatida infratuzilma vaziri lavozimini ham egallab turgan Matteo Salvini jurnalistlar bilan suhbatda Rimning pozitsiyasi qat’iy ekanini bildirdi.

“Bu masala kun tartibida yo‘q. Biz BMT tashabbusi bo‘lmaguncha kemalar yubormasligimizni allaqachon aytganmiz”, dedi Salvini.

AQSH hamda Isroilning Eron bilan urushi dunyo iqtisodiyoti uchun jiddiy energetika inqirozini keltirib chiqardi. Tehron Hormuz bo‘g‘ozini ko‘plab kemalar uchun yopib qo‘yishi oqibatida Fors ko‘rfazida katta hajmdagi neft va gaz qolib ketdi. Bu holat Yevropa, xususan, Italiyaga juda og‘ir zarba berdi.

Logistikadagi ushbu uzilishlar fonida ayrim doiralarda, jumladan, Salvinining o‘ng qanot “Liga” partiyasida Yevropa tomonidan Rossiyadan energiya resurslarini sotib olishni qayta tiklash bo‘yicha chaqiriqlar yangradi. Rossiyadan energiya xarid qilish Moskvaning 2022-yilda Ukrainaga bostirib kirishi ortidan to‘xtatilgan edi.

Biroq Salvini keyinchalik bu fikridan qaytdi va Ukrainadagi urush davom etar ekan, Rossiya bilan hamkorlik imkonsiz ekanini aytdi.

“Rossiya bilan Ukraina urushi tugashi bilanoq, hamkorlik va energiya masalalarini muhokama qiladigan vaqt keladi deb umid qilaman”, dedi u Italiyadagi Xorijiy matbuot assotsiatsiyasi a’zolariga.

AQSH prezidenti Donald Trampning Eronga bergan zarbalarini qo‘llab-quvvatlashga ikkilanayotgan boshqa NATO ittifoqchilari kabi Italiya ham o‘tgan haftada Vashington harbiy samolyotlarining Sitsiliyadagi Sigonella aviabazasiga qo‘nishiga ruxsat bermadi. Ushbu samolyotlar Yaqin Sharq yo‘nalishida parvoz qilayotgan edi.

Shunga qaramay, Salvini Vashington va Yevropa poytaxtlari o‘rtasida kuchayib borayotgan kelishmovchiliklar AQSHning Yevropadan uzoqlashishiga olib keladi degan taxminlarni rad etdi.

“NATO qo‘shinlarining Yevropadan olib chiqib ketilishi bo‘yicha yaqin orada sodir bo‘ladigan biror muammoni ko‘rmayapman”, deya xulosa qildi bosh vazir o‘rinbosari.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar