AQSH va Eron o‘rtasida 8-aprelda erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi jiddiy sinovga duch kelmoqda. “Hizbulloh” guruhi agar harbiy harakatlarni to‘xtatish rejasi Livanni o‘z ichiga olmasa, sulh uzoqqa bormasligidan ogohlantirdi. Bu haqda Al Jazeera xabar erdi.
“Hizbulloh” rasmiy vakili va parlament a’zosi Ibrohim Musaviy agar sulh Livan frontini qamrab olmasa, u butunlay barbod bo‘lishi mumkinligini aytdi. Deputatning ta’kidlashicha, kelishuv Isroil bilan bo‘layotgan to‘qnashuvlarni ham o‘z ichiga olishi shart.
Musaviyning so‘zlariga ko‘ra, agar Isroil bunga amal qilmasa, mintaqa, jumladan, Eron ham javob qaytaradi. Bu bayonot Tehronning uzoq muddatli pozitsiyasini — Eron va Livandagi mojarolar yagona operativ maydon ekanligini yana bir bor tasdiqladi.
Isroil tomoni esa buning tamoman aksini ta’kidlamoqda. Bosh vazir Binyamin Netanyaxu mazkur kelishuv Livanga tatbiq etilmasligini ochiq aytdi.
Isroil harbiylari “Hizbulloh”ga qarshi kurash, jumladan, quruqlikdagi operatsiyalar davom etishini tasdiqladi. Ma’lum qilinishicha, sulh kuchga kirganidan buyon Isroil kuchlari Livan janubida bir qator zarbalarni amalga oshirgan.
Mavjud kelishmovchiliklar mintaqaviy zarbalar fonida yanada keskinlashmoqda. Xususan, Eronning Lavan orolidagi neftni qayta ishlash zavodiga hujum uyushtirilgan bo‘lsa, Eron bunga javoban Kuvayt, Bahrayn va BAA dagi nishonlarga hujum uyushtirmoqda.
Xalqaro hamjamiyat qisman kelishuvlar bir nechta davlat va ishtirokchilarni qamrab olgan mojaroni to‘xtata olmasligidan xavotirda. Ispaniya tashqi ishlar vaziri Xose Manuel Albares Isroilning Livandagi hujumlarini davom ettirayotganini qabul qilib bo‘lmas deb baholadi va barcha frontlarni sulhga kiritishga chaqirdi.
AQSH va Eron 8-aprelga o‘tar kechasi o‘t ochishni ikki haftaga to‘xtatishga kelishib oldi. Bu Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif so‘roviga asosan amalga oshirildi. Hozirda tomonlar 10 va 15 bandli urushni to‘xtatish kelishuvini ko‘rib chiqmoqda.








