Eron Hormuz bo‘g‘ozini yopmaydi, biroq bu muhim dengiz yo‘lining xavfsizligini ta’minlash huquqini o‘zida saqlab qoladi. Bu haqda Eronning BMTdagi elchisi Amir Said Iravaniga tayanib, Reuters xabar berdi.
Diplomat bu fikrlarni BMTda jurnalistlar bilan suhbatda aytdi. U shu tariqa Eron oliy rahnamosi Mojtaba Xomanaiyning “Hormuz bo‘g‘ozini to‘sib qo‘yish dastagi ishlashda davom etishi” haqidagi bayonotiga munosabat bildirdi.
“Biz Hormuz bo‘g‘ozini yopmoqchi emasmiz. Lekin bu suv yo‘lida tinchlik va xavfsizlikni saqlash bizning ajralmas huquqimizdir”, dedi u.
Iravaniy “Eron dengiz huquqi bo‘yicha navigatsiya erkinligi tamoyilini to‘liq hurmat qilishi” va unga sodiq qolishini aytdi.
“Biroq mintaqadagi, jumladan, Hormuz bo‘g‘ozidagi hozirgi vaziyat Eronning o‘zini himoya qilish huquqidan qonuniy foydalanishi natijasi emas. Aksincha, bu Qo‘shma Shtatlarning Eronga qarshi tajovuzni boshlash va mintaqaviy xavfsizlikka putur yetkazishdagi beqarorlashtiruvchi harakatlarining bevosita natijasidir”, dedi Said Iravani.
Iravani AQSH moliya vaziri Skott Bessentning bayonotiga izoh bermadi. Bessent Sky News telekanaliga bergan intervyusida, zarur bo‘lsa, AQSH harbiy-dengiz kuchlari xalqaro koalitsiya bilan birga Hormuz bo‘g‘ozi orqali kemalarni kuzatib o‘tishi mumkinligini aytgandi.








