Eron Isroilning Livanga bergan aviahujumlaridan so‘ng Hormuz bo‘g‘ozi orqali tankerlar harakatini to‘xtatdi. Bu haqda Fars agentligi xabar berdi.
Eron harbiy-dengiz kuchlari Tehron ruxsatisiz o‘tishga uringan kemalar “yo‘q qilinishi” haqida ogohlantirgan. AQSH va Eron 8-aprel kuni ikki haftalik sulhga erishgandi. Kelishuvga ko‘ra, Eron Hormuz bo‘g‘ozi orqali kemalar harakatiga to‘sqinlik qilmasligi, AQSH esa Tehronga zarbalarni to‘xtatishi kerak edi. Sulhdan so‘ng grek mulkdorlariga tegishli ikkita kema bo‘g‘ozdan o‘tishga ulgurgan.
Oq uy matbuot kotibi Karolin Levitt Hormuzning yopilishini “mutlaqo qabul qilib bo‘lmasligi”ni aytdi.
“Men prezidentning Hormuz bo‘g‘ozi zudlik bilan, tez va xavfsiz tarzda qayta ochilishi kerakligi haqidagi talabini yana bir bor ta’kidlayman”, dedi u.
Tasnim ma’lumotiga ko‘ra, agar Isroil Livandagi operatsiyalarini to‘xtatmasa, Eron AQSH bilan tuzilgan sulhdan chiqishga tayyor. Livanni o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi shartlariga kiritish bitimning majburiy qismi bo‘lgan. Biroq Isroil bosh vaziri Binjamin Netanyaxu sulh Livanga tatbiq etilmasligini aytgan.
Eron parlamenti spikeri Muhammad Bagir G‘olibaf Tehron tomonidan o‘t ochishni to‘xtatishga asos qilib olingan 10 bandlik rejaning uchta asosiy bandi buzilganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH va Isroil o‘z harakatlari bilan ikki tomonlama sulh tuzishni “mantiqsiz” qilib qo‘ygan.
G‘olibaf rioya etilmagan uchta bandni sanab o‘tdi:
Birinchisi — Livanda o‘t ochishni to‘xtatish bandiga rioya qilinmagani. Bunga Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif ham ishora qilib, sulh barcha frontlarga, jumladan, Livanga ham taalluqli ekanini aytgandi.
Ikkinchisi — Eron havo hududining buzilishi: Fors viloyatining Lar shahri osmonida Isroilga tegishli Hermes 900 droni urib tushirilgan.
Uchinchisi — Eronning uranni boyitish huquqi inkor etilishi. Bu huquq Eron taklifining oltinchi bandida mustahkamlangan. Biroq Tramp tomonlar muzokaralar asosi sifatida AQSHning 15 bandlik rejasini olganini, unda uranni boyitishni to‘xtatish ko‘zda tutilganini da’vo qilgan.
Eron 10-aprel kuni Islomobodda bo‘lib o‘tadigan muzokaralarda ishtirok etmasligini ma’lum qildi. Manbalarga ko‘ra, delegatsiyaga G‘olibafning o‘zi boshchilik qilishi kerak edi. AQSH tomonidan vitse-prezident Jey di Vens ishtirok etishi kutilmoqda.
Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi muzokaralar “Amerika tomoniga ishonchsizlik bilan” olib borilayotganini, Eron harbiylarining barmoqlari esa “hali ham tepkida” ekanini bildirdi.








