Bugun, 8-aprel kuni oʻtkazilgan Senat yalpi majlisida Oliy sud tarkibiga oʻzgartirish kiritish masalasi koʻrib chiqildi.
Majlisda senatorlar prezident tomonidan Oliy sud sudyaligiga taqdim etilgan nomzodlarni sayladi. Xususan, Akram Shukurov besh yil muddatga Oliy sud raisi oʻrinbosari – sudlov hayʼati raisi boʻldi. Shu bilan birga, u sudyalik lavozimida boʻlishning muddatsiz davriga saylandi.
Akram Shukurov 1981-yilda Samarqand viloyatida tugʻilgan. Oliy maʼlumotli huquqshunos. Faoliyatini 2009-yildan boshlagan. Dastlab Toshkent shahar Mirobod tumanlararo sudining sudyasi, keyinchalik Toshkent shahar sudi sudyasi, Namangan viloyat sudi raisi boʻlgan.
2018-2021-yillarda fuqarolik ishlari boʻyicha Jizzax viloyat sudi raisi, 2021-2023-yillarda Jizzax viloyat fuqarolik ishlari boʻyicha sudi raisi oʻrinbosari sifatida ishlagan. 2023-yildan Jizzax viloyat sudi raisi vazifasida faoliyat yuritgan.
Senatorlar Bahodir Abdullayev, Sobirjon Ergashev, Begzod Haydarov, Nozimjon Joʻrayevni oʻn yillik muddatga, Akmal Murodov va Odil Normahmatovni sudyalik lavozimida boʻlishning muddatsiz davriga Oliy sud sudyasi lavozimiga sayladi.
Boshqa ishga oʻtgani munosabati bilan Dilshod Rajabov, Kamoliddin Tollibayev, Anvar Elmurodov, Elbekjon Turgunboyev Oliy sud sudyasi lavozimidan ozod etildi.
Avvalroq, 2025-yil dekabrda ham O‘zbekiston Oliy sudi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritilgandi. Jumladan, Malikaxon Qalandarova sudyalik lavozimida bo‘lishning navbatdagi 10 yillik muddatiga, shundan 5 yil muddatga Oliy sud raisining o‘rinbosari – sudlov hayʼati raisi etib saylangan.








