Senatning 19-dekabrdagi yalpi majlisida O‘zbekiston Oliy sudi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritildi.
Senat matbuot xizmatining xabar qilishicha, Malikaxon Qalandarova sudyalik lavozimida bo‘lishning navbatdagi 10 yillik muddatiga, shundan 5 yil muddatga Oliy sud raisining o‘rinbosari – sudlov hayʼati raisi etib saylandi.
Shu munosabat bilan u O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining doimiy asosdagi aʼzosi – Sudyalar oliy kengashining sudyasi lavozimidan ozod etildi.
Abrorxon Akramov, Djaxangir Djurayev, Nosir Zaynabidinov, Mansurbek Kurbanov, Jamoladdin Kuryazov, Uktam Mamadiyev, Shuhrat Mullajanov, Umida Nishonova va Odiljon Turdiyev o‘n yillik muddatga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi lavozimiga saylandi.
2024-yil sentyabridan buyon Oliy sud raisi o‘rinbosari va fuqarolik ishlari bo‘yicha sud hay’ati raisi lavozimlarida ishlagan Olimjon Ismoilov 2025-yil 18-dekabr kuni sudyalik lavozimida bo‘lishning muddatsiz davriga, shundan besh yil muddatga Toshkent shahar sudining raisi lavozimiga tayinlangandi.
Boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan T.Mirzayev, M. Eshimbetov, B. Ergashev o‘z arizasiga binoan A.Bekmanov Oliy sudning sudyasi lavozimidan ozod etildi.








