Isroilning 2-martdan beri Livanga bergan aviazarbalari oqibatida halok boʻlganlar soni 1000 dan oshdi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.
Qurbonlarning 79 nafari ayol, 118 nafari bola va 40 nafari sogʻliqni saqlash xodimlari hisoblanadi. Isroil hujumlari oqibatida 2584 dan ortiq kishi yaralangan. Livanning “Hizbulloh” guruhi 28-fevral kuni Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy oʻldirilishiga javoban Isroilga raketalar uchirib, buni qasos deb atagandi. Shundan soʻng Isroil Livanga qarshi hujumlarni kuchaytirib, “Hizbulloh” obyektlarini nishonga olayotganini daʻvo qilmoqda.
Isroil bombardimonlari 1 milliondan ortiq odamning oʻz uyini tark etishiga sabab boʻldi. Isroil harbiylari turar-joy binolari va boshqa infratuzilmalarni bombardimon qildi. Bundan tashqari, Livan janubida “Hizbulloh”ga qarshi kengaytirilgan quruqlikdagi operatsiyani boshladi.
Livan guruhi esa Isroil shimoliga qarata raketa zarbalari berdi va janubda Isroil kuchlarini quruqlikdan o‘qqa tutdi. Hafta boshida BMTning inson huquqlari bo‘yicha rahbari vakili Folker Turk Isroil hujumlari harbiy jinoyat ekanini aytdi.
“Xalqaro gumanitar huquq harbiy nishonlar bilan tinch aholi va fuqarolik obyektlarini farqlashni talab etadi. Shuningdek, tinch aholini himoya qilish uchun barcha ehtiyot choralarini ko‘rishni talab qiladi. Tinch aholi yoki fuqarolik obyektlariga qasddan hujum qilish harbiy jinoyat hisoblanadi”, dedi rasmiy vakil.
Xalqaro Amnistiya tashkiloti esa Isroilni Livan sog‘liqni saqlash xodimlari va muassasalariga hujumlarni to‘xtatishga chaqirdi.
“Tibbiyot xodimlari boshqalarni qutqarish uchun o‘z hayotini xavf ostiga qo‘ymoqda, shifoxonalar, tibbiy muassasalari va tez yordam mashinalari xalqaro gumanitar huquq doirasida maxsus himoyalangan”, dedi huquqni himoya qilish guruhining Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo‘yicha mintaqaviy direktori o‘rinbosari Kristin Bekkerle.
Isroil “Hizbulloh” tez yordam mashinalardan harbiy maqsadlarda foydalanayotganini daʻvo qilmoqda.
“Bu kasalxonalar va tibbiy transportni jang maydoni sifatida ko‘rishga yoki shifokorlarni nishonga olishga asos bo‘la olmaydi. Gumanitar vazifasini bajarayotgan tibbiyot xodimlariga ataylab zarba berish xalqaro gumanitar huquqning jiddiy buzilishi bo‘lib, harbiy jinoyat sifatida baholanishi mumkin”, deb ta’kidladi Bekkerle.
Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya va Kanada 16-mart kuni e’lon qilingan qo‘shma bayonotda Livandagi zo‘ravonliklar kuchayib borayotganidan xavotir bildirdi. Ular Livan va Isroilni mojaroni hal etish uchun muzokaralar o‘tkazishga chaqirdi.








