Daryo

Isroil “Hizbulloh” AQSH-Eron urushiga aralashsa, Livan fuqarolik infratuzilmasiga zarba berish bilan tahdid qildi

Yahudiy davlati Bayrut xalqaro aeroporti va boshqa hayotiy muhim obyektlar nishonga olinishidan ogohlantirdi. Sababi livanlik guruh Tehron va Vashington o‘rtasidagi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan urushda neytral qolmasligini bildirgan edi.

2 daqiqa o‘qish4 266 ko‘rishlar0 izoh2

Isroil hukumati Livan ma’muriyatini ogohlantirdiю Agar “Hizbulloh” guruhi AQSH va Eron o‘rtasidagi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan harbiy mojaroga aralashsa, Livan fuqarolik infratuzilmalariga, jumladan, Bayrut aeroportiga qaqshatqich zarba beriladi. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi.

Ogohlantirish va keskin shartlar

Livanning ismi oshkor etilmagan ikki yuqori martabali mulozimi 24-fevral kuni Isroilning ushbu xabari bilvosita yo‘llar orqali yetkazilganini tasdiqladi. Hozircha yahudiy bosh vaziri Binyamin Netanyaxu idorasi va Livan prezidentligi ushbu ma’lumotga rasmiy munosabat bildirmadi.

Ushbu tahdidlar fonida, Ummon tashqi ishlar vaziri Badr Albusaydiyning aytishicha, 26-fevral kuni Jenevada Eron va AQSH o‘rtasida yadroviy kelishuv bo‘yicha muzokaralarning uchinchi raundi bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

“Yana bir sarguzashtga o‘rin yo‘q”

Livan bosh vaziri Navof Salom 24-fevral kuni bergan intervyusida “Hizbulloh”ni mamlakatni navbatdagi “sarguzasht”ga yetaklamaslikka chaqirdi.

“G‘azo sarguzashti Livan uchun juda qimmatga tushdi. Umid qilamizki, bizni yana bir mojaro girdobiga tortishmaydi”, dedi bir yildan beri “Hizbulloh”ni qurolsizlantirishga urinayotgan bosh vazir.

“Hizbulloh” pozitsiyasi

Guruh yetakchisi Naim Qosim yanvar oyida bergan bayonotida Vashington va Tehron o‘rtasidagi qarama-qarshilikda Hizbulloh neytral emasligini ta’kidlagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, guruh vaziyatga qarab ish tutish va aralashish-aralashmaslik borasida o‘zi qaror qabul qiladi.

Vaziyat qanchalik jiddiy?

Ayni damda AQSH Davlat departamenti Bayrutdagi elchixonasidan muhim bo‘lmagan xodimlar va ularning oilalarini olib chiqib ketishni boshlagan. Shuningdek, Vashington Eron yaqinida yirik harbiy kuch to‘plagan. Xususan, USS Abraham Lincoln va USS Gerald R. Ford aviatashuvchilari mintaqa tomon harakatlanmoqda. Ushbu ikki kema jami 5000 dan ortiq xodim va 150 ta samolyotni sig‘dira oladi.

Isroil 2024-yildagi urush davomida Isroil “Hizbulloh”ga og‘ir zarba berib, uning yetakchisi Hasan Nasrulloh va minglab jangchilarini yo‘q qilgan edi. 2024-yilgi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga qaramay, Isroil muntazam ravishda Livan hududiga zarbalar berib kelmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, sulhdan keyin Livanda 400 ga yaqin kishi halok bo‘lgan.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar