Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya va Kanada 16-mart kuni e’lon qilingan qo‘shma bayonotda Livandagi zo‘ravonliklar kuchayib borayotganidan xavotir bildirdi. Ular Livan va Isroilni mojaroni hal etish uchun muzokaralar o‘tkazishga chaqirdi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.
“Hizbulloh”ning Isroilga hujumlari va tinch aholiga qarshi zo‘ravonliklar to‘xtatilishi kerak, shuningdek, ular qurolsizlanishi lozim. Biz “Hizbulloh”ning Eron bilan birga harbiy harakatlarda ishtirok etish qarorini qoralaymiz, bu mintaqadagi tinchlik va xavfsizlikni yanada xavf ostiga qo‘yadi, deyiladi qo‘shma bayonotda.
Beshta davlat Isroilning Livanda tinch aholiga, fuqarolik infratuzilmasiga, sog‘liqni saqlash xodimlariga, tibbiy infratuzilmaga va BMTning mamlakatdagi muvaqqat kuchlariga qarshi qaratilgan hujumlarini qoraladi.
Bu harakatlar nomaqbuldir va biz barcha tomonlarni xalqaro gumanitar huquq me’yorlariga muvofiq harakat qilishga undaymiz, deyiladi bayonotda.
Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya va Kanada Isroilning Livandagi keng ko‘lamli quruqlik hujumi “halokatli gumanitar oqibatlarga” olib kelishi va “uzoqqa cho‘ziladigan mojaroga aylanishi”dan ogohlantirdi.
Buning oldini olish zarur. Livandagi gumanitar vaziyat, jumladan, aholining ommaviy ravishda o‘z uyini tashlab ketishi allaqachon chuqur tashvish uyg‘otmoqda, deyiladi hujjatda.
Ular Livanning “Hizbulloh”ni qurolsizlantirish, uning harbiy faoliyatini taqiqlash va u olib borayotgan jangovar harakatlarni to‘xtatish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatladi.
Biz o‘z ixtiyoriga qarshi mojaroga tortilgan Livan hukumati va xalqi bilan birdammiz, deya ma’lum qiladi Berlin, London, Parij, Rim va Ottava.
16-mart kuni Germaniya kansleri Fridrix Mers Isroilning Livandagi quruqlikdagi operatsiyasini xato deb atadi. Bunday hujum “shundoq ham o‘ta keskin bo‘lib turgan gumanitar vaziyatni va migratsiya sohasidagi ahvolni yanada og‘irlashtiradi”, deya ogohlantirdi u.
Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy 28-fevral kuni havo hujumlari oqibatida o‘ldirilganidan so‘ng 2-mart kuni “Hizbulloh” Isroilga qarshi zarbalar berishni boshladi. Livan guruhi buni Xomanaiy o‘limi uchun qasos deb atadi.








