Daryo

Tehron urushni istamaydi, ammo bunga tayyor — Eron TIV

Abbos Aroqchi Bayrutga tashrifi chog‘ida Tehron Isroil yoki AQSH bilan qurolli to‘qnashuv tarafdori emasligini, biroq har qanday tajovuzga munosib javob qaytarishga shayligini ma’lum qildi.

2 daqiqa o‘qish9 042 ko‘rishlar0 izoh8

Eron Isroil yoki AQSH bilan urush qilish istagida emas, biroq yana hujumga uchrasa, munosib javob qaytarishga tayyor. Mazkur bayonot 8-yanvar kuni Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi tomonidan Livan poytaxti Bayrutga tashrifi chog‘ida ma’lum qilindi. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi.

Livan poytaxtida jurnalistlar bilan muloqot qilgan Aroqchi Tehron AQSH bilan yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralarga tayyorligini bildirdi. Biroq u muloqot Vashingtonning buyruqlariga emas, balki o‘zaro hurmatga asoslanishi shartligini ta’kidladi.

“Bizningcha, agar amerikaliklar buyruq berishdan ko‘ra konstruktiv va ijobiy muzokaralar foydaliroq degan xulosaga kelsa, o‘shandagina natijaga erishish mumkin”, dedi vazir.

Aroqchining bayonotlari Isroilning Eronga yangi zarbalar berishi haqidagi xavotirlar ortgan bir vaqtda yangramoqda. Ma’lumot o‘rnida, iyun oyidagi 12 kunlik urush davomida Isroil Eronning yuqori martabali harbiy amaldorlari va yadroshunos olimlarini yo‘q qilgan edi. AQSH esa Eronning uranni boyitish obyektlarini bombardimon qilgandi.

“AQSH va Isroil Eronga hujumni sinab ko‘rdi, ammo bu strategiya butunlay muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Agar ular buni yana takrorlasa, yana shunday natijaga duch keladi. Biz har qanday tanlovga tayyormiz. Biz urushni xohlamaymiz, lekin bunga tayyormiz”, deya ta’kidladi Eron TIV.

Trampning maksimal bosim kampaniyasi

AQSH prezidenti Donald Tramp 2025-yil fevral oyida Eronning yadro quroliga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun “maksimal bosim” kampaniyasini qayta tiklagan edi. Ushbu kampaniya doirasida iyun oyida Eronning uchta muhim boyitish inshootiga havodan zarbalar berilgan.

Tramp 2018-yilda 2015-yilgi yadroviy kelishuvdan bir tomonlama chiqqanidan so‘ng, Eron uranni 60 foizgacha boyitishga o‘tgan edi — bu qurol yasashga yetarli ko‘rsatkich hisoblanadi. Tehron o‘z dasturi tinch maqsadlarda ekanini aytsa-da, G‘arb va MAGATE Eronning 2003-yilgacha uyushgan yadro quroli dasturi bo‘lganini ta’kidlab keladi.

2025-yil dekabr oyida Tramp Florida shtatida Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan uchrashuvda Eronni ogohlantirib, agar mamlakat yadroviy dasturini tiklashga urinsa, yangi harbiy zarbalar berilishi mumkinligini aytgandi.

Livan bilan aloqalar va qurolsizlantirish

Aroqchining Bayrutga tashrifi Livan harbiylari Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan “Hizbulloh” kabi guruhlarni qurolsizlantirish rejasining birinchi bosqichini yakunlagani haqidagi bayonoti bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Eron vaziri iqtisodiy delegatsiya hamrohligida Livan rasmiylari bilan mintaqaviy va xalqaro masalalarni muhokama qilmoqda.

“Eron Livan bilan har tomonlama aloqalarni, jumladan, iqtisodiy sheriklikni rivojlantirish istagida”, dedi u.

Ma’lumot o‘rnida, Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasidagi so‘nggi urush 2023-yil 8-oktyabrda — HAMASning Isroil janubiga hujumidan bir kun o‘tib, “Hizbulloh” G‘azoni qo‘llab-quvvatlab Isroilga raketa otishi bilan boshlangan edi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar