Eron va “Hizbulloh” Isroilning shimoli hamda markazidagi shaharlarni 150 dan ortiq raketa bilan o‘qqa tutdi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.
Isroil armiyasi 11-mart kungi raketa hujumlari qaytarilganini ma’lum qildi. Hujumlar taxminan soat 20:00 atrofida boshlangan. Isroilning shimoliy va markaziy hududlarida havo hujumidan ogohlantiruvchi sirenalar yangragan. Hayfa shahrida ham dronlar uchirilgani haqida ogohlantiruvchi sirenalar eshitilgan. Hujum oqibatida kamida ikki kishi jarohatlangan.
“Operatsiya Isroil hududidagi 50 dan ortiq nishonlarga, jumladan, Isroilning Hayfa, Tel Aviv va Bersheba shaharlaridagi harbiy bazalariga qaratilgan”, deyiladi “Hizbulloh” bayonotida.
Shuningdek, Livan bilan chegaradan besh kilometr masofadagi aholi punktlari ham o‘qqa tutilgan. “Hizbulloh” bu hududlar aholisi evakuatsiya qilinishi kerakligini ta’kidladi.
Isroil “Hizbulloh” hujumiga javoban Bayrutga zarba berdi
“Hizbulloh”ning Isroilga qilgan raketa hujumi Isroil va Eron o‘rtasidagi urush boshlanganidan beri eng yirigi bo‘ldi. Ushbu mojaroda Livan guruhi Tehronni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Hujumdan ko‘p o‘tmay, Isroil Bayrutdagi obyektlarga, xususan, “Hizbulloh”ning tayanchi hisoblangan Dahiya tumaniga aviazarbalar berdi. Isroil bu hujumlarda guruhning 10 ta shtab-kvartirasi va raketa uchirish qurilmalari yo‘q qilinganini ta’kidladi.








