Daryo

Sulh kuchga kirganidan beri Livanda 380 kishi Isroil hujumlari qurboni bo‘ldi

“Hizbulloh” sabab Erondagi urushga aralashgan mamlakatda jami qurbonlar soni 2900 nafarga yetdi.

2 daqiqa o‘qish2 736 ko‘rishlar0 izoh1

Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasida 17-aprel kuni o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida sulh kuchga kirgan edi. Shunga qaramay, Isroilning Livanga bergan zarbalari oqibatida 380 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Livan Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib Al Arabiya xabar berdi.

Vazirlik rasmiysining so‘zlariga ko‘ra, halok bo‘lgan 380 kishining 22 nafari bolalar va 39 nafari ayollardir. “Hizbulloh” 2-mart kuni Eronni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Isroilga raketalar uchirgandi. Buning ortidan Livan urushga tortildi, shu paytgacha jami qurbonlar soni 2900 nafarga yetdi.

Vashington tomonidan e’lon qilingan sulh shartlariga ko‘ra, Isroil rejalashtirilgan yoki kutilayotgan hujumlarga qarshi harakat qilish huquqini o‘zida saqlab qolgan. Isroil qo‘shinlari ayni damda ikki davlat chegarasidan 10 kilometr shimolda joylashgan “sariq chiziq” ortida harbiy amaliyotlar o‘tkazmoqda.

Isroil harbiylari 12-may kuni ham Livanda harbiy harakatlarni davom ettirdi. Isroil armiyasining arab tilida so‘zlashuvchi vakili Avichay Adrai aholini qochishga chaqirdi. U Bekaa vodiysidagi Sohmor shaharchasi hamda janubiy Livandagi Arzun, Tayr-Debba, Bazuriya va al-Hush shaharchalari aholisiga ogohlantirishlar yo‘lladi.

Shuningdek, Litani daryosi yaqinidagi Deyr-Mimas shaharchasida suv nasos stansiyasi portlatib yuborildi. Bint-Jbeil shahrida esa turar joy binolari yer bilan yakson qilindi.

Aholi ketishni istamayapti

Al Jazeera muxbiri Obaida Xittoning xabar berishicha, oxirgi haftada hujumlar sezilarli darajada kuchaygan. Shunga qaramay, avvalroq uylarini tark etib, so‘ng qaytib kelgan aholi yana qochishni istamayapti.

“Odamlar hujumlar davom etishidan xavotirda. Biroq ular janubni tark etish niyatida emas”, dedi jurnalist.

Diplomatiya va kutilayotgan uchrashuv

Livan rahbariyati AQSHdan Isroilga bosim o‘tkazishni so‘ramoqda. Shu haftaning oxirida Vashingtonda Livan va Isroil rasmiylarining uchinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Livan bosh vaziri Navof Salom AQSHning Livandagi elchisi Mishel Issa bilan uchrashdi. U elchidan sulhni mustahkamlash uchun Isroilning hujumlarini to‘xtatishga yordam berishni so‘radi.

Al Jazeera vakili Rori Challandsning fikricha, Vashingtondagi uchrashuv sulhning keyingi taqdirini hal qiladi. Hozirda sulh faqat qog‘ozda mavjud, xolos.

AQSH va Isroil Livan prezidenti Jozef Aun va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning yuzma-yuz uchrashishini istamoqda. Biroq Livan tomoni buni rad etdi. Ular Isroil qo‘shinlari Livan janubidan to‘liq chiqib ketmaguncha bunday muzokaralar o‘tkazilmasligini bildirdi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar