Daryo

“Tramp Eronning JCHda ishtirok etishini tasdiqladi” — FIFA prezidenti

Janni Infantino AQSH prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvi hamda Eronning mundialdagi ishtiroki haqida ma’lumot berdi.

2 daqiqa o‘qish7 052 ko‘rishlar0 izoh0

FIFA prezidenti Janni Infantino AQSH rahbari Donald Tramp bilan uchrashuvi va Eron terma jamoasi haqida muhim yangilikni e’lon qildi.

Infantinoning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuv davomida bo‘lajak FIFA Jahon chempionatiga ko‘rilayotgan tayyorgarlik jarayoni muhokama qilingan.

“Bugun oqshom men Amerika Qoʻshma Shtatlari prezidenti Donald Tramp bilan uchrashdim. Unda boʻlajak FIFA Jahon chempionatiga koʻrilayotgan tayyorgarlik jarayonini hamda turnir boshlanishiga atigi 93 kun qolgani sababli ortib borayotgan hayajonni muhokama qildik”, deya yozdi Infantino o‘zining instagram sahifasida.

Uning ta’kidlashicha, suhbat davomida Erondagi joriy vaziyat ham muhokama qilingan. Shuningdek, Eron terma jamoasining 2026-yilgi FIFA Jahon chempionatiga yoʻllanma olgani masalasi ham ko‘rib chiqilgan:

“Prezident Tramp Eron jamoasi Qoʻshma Shtatlarda oʻtadigan turnirda hech qanday toʻsiqsiz ishtirok etishi mumkinligini yana bir bor tasdiqladi. Hozir, har qachongidan ham koʻra, barchamizga FIFA Jahon chempionati kabi odamlarni birlashtira oladigan voqea kerak. Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidentiga koʻrsatayotgan qoʻllab-quvvatlashi uchun samimiy minnatdorchilik bildiraman. Bu futbol dunyoni birlashtirishini yana bir bor isbotlaydi”.

Ma’lumot uchun, 2026-yilgi Jahon chempionati 11-iyundan 19-iyulga qadar AQSH, Kanada va Meksika davlatlarida bo‘lib o‘tadi. Eron musobaqaning “G” guruhida Belgiya, Misr va Yangi Zelandiya terma jamoalari joy olgan.

Agar AQSH va Eron o‘z guruhlarida ikkinchi o‘rinni egallasa, bu ikki mamlakat 3-iyul kuni Dallasda bo‘lib o‘tadigan pley-off bahsida o‘zaro to‘qnash kelishi mumkin.

Avvalroq AQSH prezidenti Donald Tramp Eron terma jamoasining 2026-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatida ishtirok etishi uni qiziqtirmasligini aytib o‘tgan edi.

Eron futbol federatsiyasi prezidenti Mehdi Toj esa bunday holatda mamlakat Jahon chempionatini umid bilan kutmasligini ta’kidlagan edi.

28-fevral kuni AQSH va Isroil Eronga qarshi harbiy operatsiya boshladi. Hujumlar Eronning eng yirik shaharlariga, jumladan Tehronga ham yo‘naltirildi. Oq uy ushbu hujum sababini Tehrondan kelayotgan raketa va yadroviy tahdidlar bilan izohladi.

Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bunga javoban Isroildagi obyektlarga hujum qilib, keng ko‘lamli javob operatsiyasini boshladi. Eronga berilgan zarbalar natijasida oliy rahbar Oyatulloh Ali Xomanaiy halok bo‘ldi.

Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumanida tug‘ilganman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Sport jurnalistikasi fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2025-yil dekabr oyidan beri sport muxbiri lavozimida ishlayman va maxsus videomateriallar, tarjima maqolalar hamda xabarlar tayyorlayman. Sevimli filmim “Forrest Gamp”. “Shamol ortidan yugurib” (Xolid Husayniy) romanini yaxshi koʻraman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar