Daryo

FIFA prezidenti: “Eron JCHda aniq ishtirok etadi”

Janni Infantino Vashingtonda bo‘lib o‘tgan forumda sport siyosatdan xoli bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.

2 daqiqa o‘qish3 777 ko‘rishlar0 izoh1

FIFA prezidenti Janni Infantino AQSH bilan davom etayotgan urushga qaramay, Eron terma jamoasi joriy yozda bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatida aniq ishtirok etishini ma’lum qildi.

28-fevralda boshlangan nizo sababli Eronning mart oyida Osiyoning eng kuchli jamoalaridan biri sifatida qo‘lga kiritgan yo‘llanmasidan foydalana olishi va turnirga kelish istagi borligi darhol shubha ostiga olingan edi.

Jahon chempionatiga AQSH, Kanada va Meksika mezbonlik qiladi, biroq Eron guruh bosqichidagi barcha uchta o‘yinini AQSH hududida o‘tkazishi belgilangan. Mart oyining birinchi yarmida Eron hukumati vakillari jamoa JCHda qatnasha olmasligi haqida turli fikrlar bildirishdi va FIFAga Eron ishtirokidagi o‘yinlarni Meksikaga ko‘chirishni taklif qilindi. Biroq Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum o‘tgan haftada FIFA ushbu so‘rovni rad etganini va Jahon chempionati rejalashtirilganidek o‘tishini ta’kidlaganini tasdiqladi.

“Eron jamoasi aniq ishtirok etadi. Biz u vaqtga qadar vaziyat tinch yo‘l bilan hal bo‘lishiga umid qilamiz. Ular o‘z xalqini himoya qiladi, ular saralashdan o‘tgan. Futbolchilar o‘ynashni xohlaydi”, deydi Infantino Vashingtonda o‘tgan CNBC nashrining Invest in America forumida.

Eronning AQSHda o‘z o‘yinlarini o‘tkaza olishi istiqboli o‘tgan oy oxirida, Infantino Turkiyaning Antaliya shahridagi mashg‘ulot yig‘inida jamoa bilan ko‘rishganidan so‘ng yaxshilangani aytilmoqda.

“Ikki hafta oldin Antaliyadagi yig‘inda ular bilan ko‘rishdim. Ular haqiqatan ham o‘ynashni xohlashadi va bu eng muhimi – sport siyosatdan xoli bo‘lishi lozim. To‘g‘ri, biz oyda emas, Yer sayyorasida yashayapmiz, lekin agar ko‘priklar qurishga va ularni butun saqlashga ishonadigan hech kim qolmagan bo‘lsa, buni biz qilamiz”, deya qo‘shimcha qildi FIFA rahbari.

Eron delegatsiyasi 11-iyundan 19-iyulga qadar davom etadigan turnir uchun 10-iyundan kechikmasdan Arizona shtatidagi Tukson shahriga yetib kelishi kerak. Ularning birinchi o‘yini 15-iyun kuni “Kaliforniya” stadionida Yangi Zelandiyaga qarshi bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, 21-iyunda Belgiya bilan, 26-iyunda esa Sietlda Misrga qarshi o‘yinlar belgilangan. Agar Eron pley-off bosqichiga chiqsa, bu uchrashuvlar ham katta ehtimol bilan AQSHda o‘tkaziladi.

Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumanida tug‘ilganman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Sport jurnalistikasi fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2025-yil dekabr oyidan beri sport muxbiri lavozimida ishlayman va maxsus videomateriallar, tarjima maqolalar hamda xabarlar tayyorlayman. Sevimli filmim “Forrest Gamp”. “Shamol ortidan yugurib” (Xolid Husayniy) romanini yaxshi koʻraman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar