AQSH, Kanada va Meksikada o‘tadigan 2026-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati chiptalari atrofida jiddiy noroziliklar kuchaymoqda. Futbol muxlislari uyushmalari chipta narxlari haddan tashqari qimmat bo‘lib ketgani sabab FIFAdan savdoni zudlik bilan to‘xtatishni talab qilmoqda. Ularning aytishicha, ba’zi premium joylar 9 ming dollarga yaqin narxda sotilayotgani turnirga oddiy muxlislar bora olmasligini anglatadi.
Yevropa futbol muxlislarini birlashtiruvchi yirik xalqaro tashkilot (Football Supporters Europe) bu narxlarni “talonchilik” deb atadi. Ular taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilgi mundial chiptalari 2022-yil Qatardagi turnirga qaraganda yetti baravar qimmat.
Tashkilot vakillari chipta siyosatini musobaqaning an’analariga “katta xiyonat” deb baholab, FIFAdan vaziyatni qayta ko‘rib chiqishni so‘ramoqda.
Germaniya, Angliya va Xorvatiya futbol federatsiyalari e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, guruh bosqichidan finalgacha barcha o‘yinlarni stadionda tomosha qilmoqchi bo‘lgan muxlis kamida 6 900 dollar sarflashi kerak. Nyu-Yorkdagi “MetLife” stadionida o‘tadigan finalning premium chiptalari esa 8 680 dollar qilib belgilangan. Qatardagi turnirda shu toifadagi joylar 1600 dollar bo‘lgan.
Shu kunlarda FIFA prezidenti Janni Infantino tomonidan AQSH prezidenti Donald Trampga haddan tashqari maqtovlar aytilgani, hattoki unga “tinchlik mukofoti” topshirilgani ham jiddiy tanqidga sabab bo‘lgan edi. “FairSquare” inson huquqlari tashkiloti FIFA etika qo‘mitasiga rasmiy shikoyat yuborib, tashkilot siyosiy betaraflik prinsipini buzganini ta’kidladi.
FIFA hozir chiptalar savdosining uchinchi bosqichini boshlagan. Endi guruh bosqichi o‘yinlarida narxlar “o‘yin jozibadorligi”ga qarab belgilanmoqda, biroq bu mezon qanday hisoblanayotgani haqida ochiq ma’lumot yo‘q. Masalan, Angliyaning Xorvatiyaga qarshi birinchi o‘yinida darvoza orti joylar 523 dollar, shotlandiyalik muxlislar Gaitiga qarshi o‘yin uchun sezilarli darajada arzonroq to‘laydi. Mutaxassislar bu tizimni “noaniq va ikki pog‘onali” deb tanqid qilmoqda.
“FIFA e’lon qilgan chiptalar narxini ko‘rib, hayratda qoldik”, deydi Yevropa futbol muxlislarini birlashtiruvchi xalqaro tashkilot ijrochi direktori. Uning aytishicha, narxi 4 ming dollarga yaqinlashayotgan final chiptalari stadionlardagi jonli muhitni yo‘qotishi mumkin. “Bu narxlarda hech qanday atmosfera bo‘lmaydi”, deya qo‘shimcha qildi u.
Britaniyalik taniqli futbol sharhlovchisi Genri Vinter esa haqiqiy muxlislarning musobaqadan chetda qolishi Jahon chempionatini “Korporativ o‘yinlar”ga aylantirib yuborishi mumkinligini ta’kidladi. Uning fikricha, bu holat FIFAga katta mablag‘ to‘laydigan telekompaniyalar uchun ham xavf tug‘diradi.
Shimoliy Amerikadan tashqaridan keladigan muxlislar uchun esa muammo yanada kattaroq. Afrika futboli bo‘yicha jurnalist Gari Al-Smit shunday deydi: “Muxlislar AQSHga uchib keladi, turar joy va ovqatga pul sarflaydi. Bu ular uchun nihoyatda qimmat jahon chempionati bo‘ladi”.
Mutaxassislar aytishicha, hozirgi narxlar FIFAning 2018-yilda AQSH, Kanada va Meksika bo‘yicha bergan arizasidagi va’dalardan keskin farq qiladi. O‘shanda guruh bosqichi chiptalari 21 dollardan boshlanishi aytilgandi.
Bundan tashqari, FIFA eng arzon — 4-kategoriya chiptalarini umuman ommaviy sotuvga qo‘ymadi. Bu toifadagi o‘rinlar faqat talab oshgan paytda narxlarni o‘zgartirib boriladigan tizim orqali sotilishi rejalashtirilgan.








