Eron sport vaziri Ahmad Dunyamoliy 11-mart kuni bergan bayonotida mamlakat futbol terma jamoasi AQSH, Kanada va Meksikada o‘tkaziladigan 2026-yilgi Jahon chempionatida ishtirok eta olmasligini ma’lum qildi.
“Ushbu buzuq rejim rahbarimizga suiqasd uyushtirganini hisobga olsak, biz har qanday vaziyatda Jahon chempionatida qatnasha olmaymiz”, dedi vazir davlat telekanaliga bergan intervyusida.
Dunyamoliyga ko‘ra, mundialga mezbonlik qilayotgan davlatlar Eron jamoasi uchun xavfsiz emas.
“U yerda farzandlarimiz xavfsiz bo‘lmaydi va fundamental jihatdan musobaqada ishtirok etish uchun zarur sharoitlar mavjud emas. Ularning Eronga qarshi amalga oshirgan g‘arazli harakatlarini inobatga olsak, sakkiz-to‘qqiz oy ichida bizga ikkita urush majburlab o‘tkazildi, minglab odamlarimiz halok bo‘ldi. Shunday ekan, biz hozir u yerda bo‘la olmaymiz”, dedi vazir.
Ma’lumot uchun, Eron terma jamoasining guruh bosqichidagi uchala o‘yini ham AQSH hududida — ikkitasi Los-Anjelesda, bittasi esa Sietlda o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi.
2026-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati 11-iyundan 19-iyulgacha AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi. Eron terma jamoasi musobaqaning “G” guruhidan joy olgan bo‘lib, unda Belgiya, Misr va Yangi Zelandiya jamoalariga qarshi maydonga tushishi kerak edi.
Avvalroq FIFA rahbari Janni Infantino AQSH prezidenti Donald Tramp Eron terma jamoasi Qo‘shma Shtatlarda o‘tkaziladigan turnirda hech qanday to‘siqsiz ishtirok etishi mumkinligini tasdiqlaganini ma’lum qilgan edi. Eron futbol federatsiyasi prezidenti Mehdi Toj esa bunday vaziyatda mamlakat Jahon chempionatini katta umid bilan kutmayotganini ta’kidlagan.
28-fevral kuni AQSH va Isroil Eronga qarshi harbiy operatsiya boshladi. Hujumlar mamlakatning yirik shaharlariga, jumladan Tehronga ham yo‘naltirildi. Oq uy ushbu operatsiyani Tehrondan kelayotgan raketa va yadroviy tahdidlar bilan izohladi.
Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bunga javoban Isroildagi obyektlarga zarbalar berib, keng ko‘lamli javob operatsiyasini boshladi.
Eron hududiga berilgan zarbalar oqibatida mamlakat oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy halok bo‘lgani xabar qilindi.








