Daryo

FIFA prezidenti siyosiy betaraflikni buzgani uchun XOQ tomonidan tergov qilinishi mumkin

Bunga Inson huquqlari bo‘yicha “FairSquare” tashkilotining Infantino AQSH prezidenti Donald Trampni qo‘llab-quvvatlash orqali siyosiy betaraflik qoidalarini buzgani ustidan shikoyat arizasi kiritishni rejalashtirayotgani sabab bo‘ldi.

1 daqiqa o‘qish6 623 ko‘rishlar0 izoh5

Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) FIFA prezidenti Janni Infantinoga nisbatan tergov ishi ochishi kutilmoqda. Bunga Inson huquqlari bo‘yicha “FairSquare” tashkilotining Infantino AQSH prezidenti Donald Trampni qo‘llab-quvvatlash orqali siyosiy betaraflik qoidalarini buzgani ustidan shikoyat arizasi kiritishni rejalashtirayotgani sabab bo‘ldi.

“FairSquare” tashkiloti XOQga Infantinoning siyosiy betaraflik qoidalarini “muntazam ravishda buzib kelayotgani” yuzasidan shikoyat yuborishini ma’lum qildi. “FairSquare” 2025-yilning dekabr oyida FIFA Axloq qo‘mitasiga shikoyat arizasi kiritib, unda Infantino Trampning “harakatlari va siyosatini ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlagan” bir qator holatlarni sanab o‘tgan edi.

Shuningdek, Tashkilot yillik FIFA Tinchlik mukofotini ta’sis etish va uni Jahon chempionatiga qur’a tashlash marosimida prezident Trampga topshirish qarorlari to‘g‘ridan to‘g‘ri Infantino tomonidan bir tomonlama qabul qilinganmi yoki FIFA Kengashi tomonidanmi, shuni aniqlashni so‘ragan.

“Agar janob Infantino hech qanday qonuniy vakolatsiz, bir tomonlama harakat qilgan bo‘lsa, bu vakolatni suiiste’mol qilishning o‘ta jiddiy ko‘rinishi sifatida baholanishi kerak”, deyiladi “FairSquare” bayonotida.

Shikoyatda ta’kidlanishicha, Infantino FIFA Axloq kodeksining betaraflik majburiyatiga oid 15-moddasini buzgan. Kodeksga ko‘ra, rasmiy shaxslar siyosiy jihatdan mutlaqo betaraf bo‘lishi shart. Qoidabuzarlik uchun kamida 10 ming Shveysariya franki (12 400 dollar) miqdorida jarima va futbolga oid har qanday faoliyatdan ikki yilgacha chetlatish jazosi belgilangan.

XOQ prezidenti Kirsti Koventrining ma’lum qilishicha, axloq komissiyasiga hozircha hech qanday shikoyat kelib tushmagan. Biroq u: “Agar shunday ariza tushsa, albatta, buni ko‘rib chiqamiz”, deya qo‘shimcha qilgan.

Joriy Jahon chempionatida sodir bo‘lgan so‘nggi voqealardan biri ham vaziyatni yanada chigallashtirdi. Donald Tramp shaxsan Infantinodan AQSH milliy jamoasi hujumchisi Folarin Balogunning qizil kartochkasini ko‘rib chiqishni so‘ragach, FIFA futbolchining diskvalifikatsiyasini bekor qildi. Natijada Balogun 1/8 finalda Belgiyaga qarshi o‘yinda (1:4) maydonga tushish imkoniga ega bo‘ldi. Biroq, Infantinoning o‘zi bu yakuniy qarorga shaxsan aloqadorligini qat’iyan rad etib kelmoqda.

Qashqadaryo viloyatidanman. O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Bosma OAV fakulteti, Sport jurnalistikasi yo‘nalishini tugatganman. “Daryo”da 2025-yilning mart oyidan beri ishlayman va xabarlar hamda tahliliy maqolalar yozaman. Har yili Qozog‘istonning “Hokim” kinosini kamida bir marta ko‘raman. Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasini sevib o‘qiyman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar