O‘zbekistonda 2026-yilning fevral oyida inflyatsiya 0,6 foizni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida so‘z boradi.
Qayd etilishicha, yillik ifodada (2025-yilning fevraliga nisbatan) narxlar o‘sishi 7,3 foizgacha tezlashgan (yanvar oyida bu ko‘rsatkich 7,2 foiz edi). Bir yil oldin yillik inflyatsiya yuqoriroq bo‘lgan — 10,1 foiz (o‘shanda oylik ko‘rsatkich ham 0,5 foizni tashkil etgan).
Oziq-ovqat mahsulotlari fevral oyida o‘rtacha 0,9 foizga (2025-yil fevralida — 0,6 foiz), yillik ifodada esa 5,9 foizga (2,9 foiz) qimmatlashdi.
Asosiy oziq-ovqat mahsulotlari orasida bir oy davomida narxlar o‘sishi qo‘y go‘shtida — 2,6 foiz (yil davomida +27,4 foiz), suyaksiz mol go‘shtida — 1,6 foiz (+24 foiz), suyakli mol go‘shtida — 1,6 foiz (+22,4 foiz), parranda go‘shtida — 1,4−1,8 foiz (+7 foizdan +7,5 foizgacha), xom sutda — 0,4 foiz (+5,8 foiz), tuxumda — 0,7 foiz (+14,8 foiz), o‘simlik moylarida — o‘rtacha 0,4 foiz (+12,8 foiz), shakarda — 2,2 foiz (-0,6 foiz) darajasida qayd etildi.
Fevral oyida asosiy kommunal xizmatlar tariflari umuman olganda barqaror bo‘lib qoldi, biroq qator hududlarda maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish uchun to‘lovlar miqdori oshdi. Mamlakat bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichda bu to‘lov 4,7 foizga (yillik ifodada +32,6 foiz) ko‘paydi.
Tibbiyot sohasida bir oy davomida eng ko‘p ambulator davolanish narxlari oshdi — 1,1 foiz (+ yil davomida 6,5 foiz). Diagnostika va laboratoriya xizmatlari 0,8 foizga (+9,3 foiz), statsionar davolanish — 0,6 foizga (+7,1 foiz), dori-darmonlar va tibbiy buyumlar esa 0,4 foizga (+3,9 foiz) qimmatlashdi.
Benzinning o‘rtacha narxi bir oy ichida 0,5 foizga pasaydi, biroq yillik ifodada 10,1 foizga yuqoriligicha qolmoqda. Ai-92 markali benzin 0,5 foizga, Ai-95 esa 0,7 foizga arzonlashdi, Ai-98 va Ai-100 markalari esa 0,3 foizga qimmatlashdi.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yil yanvar oyida O‘zbekistondagi yillik inflyatsiya darajasi 7,2 foizgacha pasaygan edi. Taqqoslash uchun, bir yil oldin bu ko‘rsatkich 9,9 foizni tashkil etgan.








