Daryo

Oʻzbekistonda inflyatsiya darajasi pasaydi

Yillik hisobda goʻsht 25 foiz atrofida qimmatlashgan. Ayrim turdagi meva-sabzavotlar arzonlashgan.

2 daqiqa o‘qish5 005 ko‘rishlar0 izoh1

2025-yil sentyabrda tovar va xizmatlar narxining yillik oʻsishi (inflyatsiya) 8 foizni tashkil etdi. Avgustda bu koʻrsatkich 8,8 foiz, 2024-yil sentyabr holatiga 10,5 foiz boʻlgan.

Infografika: Statistika qoʻmitasi

Statistika qoʻmitasi oʻtgan oyda 30 kunlik narxlar oʻsishini umumiy 0,6 foiz darajasida qayd etgan.

Narxi oshgan tovar va xizmatlar

Sentyabrda quyidagi asosiy oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlashgan:

  • Tuxum — 6,5 foiz;
  • Tovuq boldiri va son qismlari — 1,1 foiz;
  • Boshqa parranda goʻshtlari — 1,2 foiz;
  • Qoʻy goʻshti — 1,5 foiz;
  • Lahm (suyaksiz) mol goʻshti — 1,8 foiz;
  • Suyakli mol goʻshti — 1,7 foiz;
  • Shakar — 0,7 foiz.

Yillik hisobda qoʻy goʻshti narxi qariyb 26,8 foizga, suyakli mol goʻshti 23,2 foizga oshgan.

Oy davomida benzin narxi 1,4 foizga, shu yil boshiga nisbatan esa 5,9 foizga qimmatlashgan. Dori vositalari narxi 0,2 foiz, sogʻliqni saqlashning boshqa xizmatlari qiymati 0,4 foizga oshgan.

Arzonlashgan tovar va xizmatlar

Oʻtgan oyda meva–sabzavotlardan tarvuz 5,6 foizga, qovun 5,5 foizga, bulgʻor qalampiri 10,4 foizga tushgan. Pomidor 16,9 foiz, uzum 5,4 foiz arzonlashgan. Oʻz navbatida sabzi (7,7), piyoz (3,6 foiz) hamda olma (1 foiz) narxlarida pasayish kuzatilgan.

Yetib bo‘lmayotgan target

2019-yildagi prezident farmonida inflyatsiya boʻyicha doimiy maqsad (target) 5 foiz boʻlishi, bunga 2023-yilda erishilishi belgilangan. Biroq bu vazifa haligacha bajarilmadi. Bugungacha inflyatsiya targetiga yetish muddatlari kamida olti marta oʻzgartirildi. Soʻngi prognozga koʻra, maqsadga 2027-yilda erishilishi kutilmoqda. Iqtisodiyot va moliya vazirligi esa yanada uzoqroq muddatni koʻzlayapti (2028-yil).

Joriy yil 11-sentyabr kuni Toshkent shahrida Markaziy bank rahbariyati jurnalistlar bilan matbuot anjumani uyushtirdi. Tashkilot raisi Timur Ishmetov nega inflyatsiya targeti 5 foizga tushmayotgani, maqsad doimiy ravishda keyingi surilayotgani haqidagi savolga javob berishga urindi. Aytilishicha, bunga qator sabablar mavjud. Ulardan biri monopoliya va erkin boʻlmagan bozor hisoblanadi.

“Prognozimiz ichki va tashqi omillarga asoslanadi. Lekin hayotda bu oʻzgarsa, prognoz ham oʻzgarishi tabiiy. Hukumat bozorlarda strukturaviy islohotlarni davom ettirishini prognozlarda doim koʻzda tutamiz. Turli xil tovarlar bozorlari bor. Ayrimlarida haligacha ham bozorlarni erkinlashtirish yoʻlidan yurishimiz kerak. Bu ham albatta inflyatsiya darajasiga taʼsir qiladi. Oʻsha ayrim tovarlar boʻyicha ham hozir ishlar olib borilyapti. Nomonetar faktorlar taʼsirini kamaytirish boʻyicha hukumat bilan ishlayapmiz. Besh-oltita tovar boʻyicha raqobatni kuchaytirish, ishlab chiqarish va import konsentratsiyasini kamaytirish masalalarida ishlar olib borilyapti. Shu ishlar qanchalik samarali boʻlishiga qarab, umumiy pul-kredit siyosatimiz natijasini beradi”, dedi rais.

Markaziy bank joriy yil boshida 2025-yil yakuniga kelib, yillik inflyatsiya darajasi 7–8 foizga tushishini prognoz qilgandi. Timur Ishmetov mazkur kutilma yangilanib, yil yakuniga inflyatsiya 8,7 foiz boʻlishini bildirdi.

Farg‘onadanman. Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlaganman. “Daryo”da 2022-yildan beri muxbirman. Iqtisodiy-siyosiy voqealarni yoritib boraman. Yoqtirgan kinolarimdan biri — “Shoushenkdan qochish”. Oxirgi o‘qilgan kitoblardan iqtisodchi olimlar Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson hammuallifligidagi “Mamlakatlar tanazzuli sabablari…” kitobi yoqdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar