O‘zbekistonda 2026-yil mart oyida tovar va xizmatlar inflyatsiyasi 0,6 foizni tashkil etdi. Bu haqda Statistika qo‘mitasi ma’lumot berdi.
Narxlar oshishi yillik hisobda (2025-yil martiga nisbatan) 7,1 foizga sekinlashgan. Taqqoslash uchun, bir yil ilgari yillik inflyatsiya darajasi 10,3 foiz edi. Martda mamlakatdagi narxlar oshish ko‘rsatkichi oxirgi 10 yillikdagi eng past darajaga tushgan.
Nimalar qimmatlashdi?
Martda narxlar o‘sishidagi eng yuqori dinamika oziq-ovqat mahsulotlarida kuzatilgan — 1,2 foiz. O‘z navbatida nooziq-ovqatlar 0,3 foiz, xizmatlar narxi 0,2 foizga oshgan.
Oy davomida pomidor narxi boshqa mahsulotlarga nisbatan eng baland darajada ko‘tarilgan — 11,5 foiz. Bulg‘or qalampiri 10 foiz, kartoshka 9,8 foiz, olma 7,4 foiz, banan narxlari 6 foizga o‘sgan.
Tuxum 2,1 foizga, suyakli mol go‘shti 1,8 foiz, qo‘y go‘shti va suyaksiz mol go‘shti 1,2 foizga qimmatlashgan.
Baliq 1,7 foiz, shakar ham 1,7 foiz, sut 0,3 foiz, un 0,6 foiz, o‘simlik yog‘i qiymati 0,9 foizga oshgan.
Xizmatlardan uy-joy taʼmirlash 0,9 foiz, ijara to‘lovi 0,2 foiz, tibbiy laboratoriyalar 0,8 foizga ko‘tarilgan.
Xususiy bog‘chalar 0,8 foiz, dori-darmon 0,7 foiz, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish 0,9 foiz, parkovkalar 0,7 foiz qimmatlashgan.
Arzonlashgan tovar va xizmatlar
Martda bodring qariyb 20,7 foizga arzonlashgan. Karam narxi 4,7 foiz, piyoz 4,6 foiz, sabzi 1 foiz pasaygan.
Oy davomida guruch 0,4 foiz, parranda go‘shti narxi 0,3–0,4 foizga tushgan.
O‘z navbatida propan 3,2 foiz, benzin 0,9 foizga arzonlashgan, metan narxi fevraldagidan o‘zgarmagan.
Aviaparvozlar 4,1 foizga, uzoq masofaga qatnovchi poyezdlar chiptalari 0,5 foizga arzonlashgan.
Qaysi hududda narxlar balandroq o‘sdi?
Martda respublika bo‘yicha o‘rtacha yillik darajadan eng yuqori inflyatsiya Farg‘ona viloyatida qayd etilgan — 7,5 foiz. Shu bilan birga, Xorazm (7,4 foiz), Namangan (7,3 foiz), Buxoro (7,3 foiz), Sirdaryo (7,2 foiz) viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida (7,3 foiz) o‘rtachadan baland narxlar o‘sishi kuzatilgan. Jizzaxda esa narxlar qolgan hududlarga nisbatan eng past darajada o‘sgan — 6,4 foiz. Qolgan hududlarda yillik inflyatsiya quyidagicha bo‘lgan:
- Qashqadaryo — 7,1 foiz;
- Navoiy — 7,1 foiz;
- Samarqand — 7 foiz;
- Surxondaryo — 7 foiz;
- Andijon — 7 foiz;
- Toshkent shahri — 6,9 foiz;
- Toshkent viloyati — 6,8 foiz.
Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev 2026-yilda inflyatsiyani 6–6,5 foiz darajasida saqlab qolish vazifasini qo‘ygandi.








