Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) hamda Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) AQSH va Isroil terma jamoalarini xalqaro musobaqalardan chetlatish bo‘yicha so‘rovlarga hozircha javob bermadi. Bu haqda TASS axborot agentligi xabar bermoqda.
Nashrning yozishicha, FIFA’ga AQSH va Isroilni xalqaro turnirlardan chetlatish, shuningdek, AQSHni 2026-yilgi Jahon chempionatini o‘tkazish huquqidan mahrum qilish ehtimoli bo‘yicha so‘rovlar yuborilgan. UEFA ham Isroil klublari va milliy terma jamoalarini o‘z shafeligidagi musobaqalardan chetlatish rejalari bor-yo‘qligi haqidagi savollarni ochiq qoldirgan. Hozircha har ikki tashkilot ham ushbu masala yuzasidan rasmiy tushuntirish berganicha yo‘q.
Ushbu keskinlik joriy yilning 28-fevral kuni AQSH va Isroilning Eronga qarshi boshlagan keng ko‘lamli harbiy operatsiyasi ortidan yuzaga keldi. Hujumlar oqibatida Eronning yirik shaharlari, jumladan, Tehron ham zarbaga uchragan. Bunga javoban Eron tomonidan ham raketa zarbalari yo‘llangani xabar qilingan. Mintaqadagi harbiy harakatlar tufayli havo hududlari yopilib, xalqaro reyslar to‘xtatilgan, bu esa sport tadbirlari grafigiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Ma’lumki, 2026-yilning 11-iyunidan 19-iyuliga qadar AQSH, Kanada va Meksika hududlarida navbatdagi Jahon chempionati bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. AQSH mezbon sifatida musobaqaga avtomatik yo‘llanma olgan, Eron esa saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tib, final qismiga yo‘l olgan edi. Isroil terma jamoasi esa saralashdan o‘ta olmagan.








