AQSH prezidenti Donald Tramp FIFA tashkilotidan AQSH milliy jamoasi hujumchisi Folarin Balogunga ko‘rsatilgan qizil kartochkani qayta ko‘rib chiqishni so‘raganini tasdiqladi, biroq yakuniy qarorga ta’sir o‘tkazmaganini ta’kidladi.
“Men shunchaki vaziyatni qayta ko‘rib chiqishlarini so‘radim. Ularga buni qilishga majbursizlar, demadim”, dedi Tramp Oq uyda bo‘lib o‘tgan tadbirlarning birida.
Prezident FIFA rahbari Janni Infantinoga qo‘ng‘iroq qilganini hamda Kaliforniyaning Santa-Klara shahrida Bosniya va Gersegovinaga qarshi kechgan uchrashuvdagi (2:0) jazo borasida qayta ko‘rib chiqishni so‘raganini aytib o‘tdi. Ammo uning ta'kidlashicha, Balogunni bir o‘yinga diskvalifikatsiya qilish bo‘yicha majburiy jazoni bekor qilish yakuniy qarorini FIFA’ning o‘zi qabul qilgan. Natijada futbolchiga Belgiyaga qarshi Sietlda o‘tgan nimchorak final bahsida maydonga tushishga ruxsat berilgandi.
FIFA’ning bu qarori AQSHda ijobiy qabul qilingan bo‘lsa-da, xalqaro sport jamoatchiligining keskin e’tiroziga sabab bo‘ldi. Belgiya futbol federatsiyasi amerikalik hujumchining o‘yinda ishtirok etishiga qarshi chiqqan bo‘lsa, UEFA bu holatni “tushunarsiz va oqlab bo‘lmaydigan” qadam deb atadi.
Tramp hakamning qizil kartochka ko‘rsatish qarorini “dahshatli xato” deb atadi. Uning fikricha, joriy Jahon chempionatida 3 ta gol bilan jamoa to‘purari bo‘lib turgan Balogun Belgiyaga qarshi o‘yinda ishtirok etmaganida va AQSH mag‘lub bo‘lganida, bu turnir uchun qora dog‘ bo‘lib qolardi. Shuningdek, prezident jazoni to‘xtatib turgani uchun FIFAdan minnatdorligini bildirdi.
“Buni qoidabuzarlik deb o‘ylamayman. Shunchaki ikki ajoyib sportchi o‘zaro to‘qnashib ketdi”, dedi Tramp.
Sportni “juda yaxshi” tushunishini aytgan prezident, avvaliga qizil kartochka nima ekanini va u qanday oqibatlarga olib kelishini bilmaganini tan oldi. Futbolchi bir o‘yinga chetlatilishini eshitgach esa, vaziyatga aralashishga qaror qilgan. Bundan tashqari, u videotakrorlar tizimini ham tanqid qilib, sekinlashtirilgan kadrlar harakatlarni yanada tajovuzkor qilib ko‘rsatishini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur uchrashuvda Belgiya 4:1 hisobida g‘alaba qozonib, AQSHni Jahon chempionatidan chiqarib yubordi.








