Oʻzbekiston va Afgʻoniston tashqi ishlar vazirlari telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Baxtiyor Saidov xabar qildi.
Qayd etilishicha, qoʻshni mamlakat rasmiysi Mavlaviy Amir Xon Muttaqiy bilan suhbatda Afgʻoniston-Pokiston chegarasidagi mavjud vaziyat yuzasidan fikr almashilgan.
“Vaziyatning yanada keskinlashuviga yoʻl qoʻymaslik muhimligini taʼkidladik”, degan Baxtiyor Saidov.
Barqarorlikni taʼminlash va mavjud xavf-xatarlarni bartaraf etishda muloqot asosiy vosita boʻlib qolishi zarurligini tasdiqlangan.
Avvalroq Oʻzbekiston Afgʻoniston va Pokistonni otishmani toʻxtatishga chaqirgandi. Barcha kelishmovchiliklar faqat tinch yoʻl bilan, siyosiy va diplomatik muloqotlar orqali hal etilishi lozimligi taʼkidlangan.
27-fevralga oʻtar kechasi Pokiston mudofaa vaziri Xoja Osif oʻz mamlakati Afgʻonistondagi “Tolibon” rejimiga qarshi “ochiq urush”ga kirganini maʼlum qilgan. Pokiston harbiy havo kuchlari Kobul , shuningdek, Paktiya viloyatidagi nishonlarga aviazarbalar bergan.








