Daryo

Pokiston qariyb 70 nafar “Tolibon” askari yo‘q qilinganini da’vo qildi

Islomobod o‘tgan tunda Afg‘oniston chegara punktlariga hujum uyushtirganini ta’kidladi. Kobul ushbu bayonotni “asossiz” deb rad etdi.

2 daqiqa o‘qish3 175 ko‘rishlar0 izoh4

Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi chegara hududlarida qurolli to‘qnashuvlar davom etmoqda. Islomobod 3-mart kuni chegara postlariga “Tolibon” kuchlari tomonidan hujum uyushtirilganini va oqibatda 67 nafar afg‘on askari hamda bir nafar pokistonlik harbiy halok bo‘lganini ma’lum qildi.

Kobul ushbu bayonotni “asossiz” deb rad etdi. Afg‘oniston hukumati o‘z navbatida Pokiston hujumlarini qaytarganini va to‘rt nafar pokistonlik askarni yo‘q qilganini da’vo qilmoqda. Ikki davlat o‘rtasidagi faol jangovar harakatlar o‘tgan 26-fevral kuni boshlangan edi. O‘shanda “Tolibon” kuchlari Pokiston tomonidan dam olish kunlari amalga oshirilgan aviazarbalarga javoban chegara bo‘ylab hujumga o‘tgan.

Shundan so‘ng Islomobod Afg‘oniston bilan “ochiq urush” holatida ekanini e’lon qildi va bir qator strategik obyektlarga, jumladan, Bagramdagi sobiq AQSH aviabazasiga, poytaxt Kobulga va janubdagi Qandahor shahriga yangi zarbalar berdi.

BMTning Afg‘onistondagi missiyasi (UNAMA) bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 26-fevraldan buyon davom etayotgan nizolar oqibatida 42 nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgan, 104 kishi tan jarohati olgan. BMT Butunjahon oziq-ovqat dasturi esa to‘qnashuvlar sababli taxminan 20 ming oila o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lganini bildirdi.

Ziddiyatli raqamlar

Tomonlar taqdim etayotgan talafotlar ko‘lami bir-biridan keskin farq qiladi. Xususan, Afg‘oniston Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Inoyatulloh Xovarazmiyning so‘zlariga ko‘ra, Dyurand chizig‘i (bahsli chegara) bo‘ylab o‘tkazilgan qarshi hujumlarda hozirgacha 28 nafar afg‘on askari halok bo‘lgan, Pokiston tomoni esa 150 nafargacha harbiy yo‘qotgan.

Islomobod hisob-kitoblariga ko‘ra esa, nizo boshlanganidan beri 450 dan ortiq afg‘on askari yo‘q qilingan, Pokiston armiyasi esa 150 ga yaqin xizmatchisini yo‘qotgan. Hozircha ushbu ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tasdiqlashning imkoni bo‘lmayapti.

Nizo ortida nima turibdi?

Ziddiyatning asosiy sababi — Pokistonning Afg‘onistonni o‘z hududida “Tehriki Tolibon Pokiston” (TTP) jangarilariga boshpana berishda ayblashi bilan bog‘liq. Islomobodga ko‘ra, ushbu guruh Pokiston ichkarisidagi teraktlar uchun mas’uldir. Kobul esa bu ayblovlarni muttasil rad etib keladi.

Afg‘oniston mudofaa vaziri Xovarazmiy 3-mart kuni hukumat “hech qanday shaxs yoki guruhga Afg‘oniston hududidan boshqa davlatlarga qarshi foydalanishga yo‘l qo‘ymasligini” yana bir bor ta’kidladi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar